O‘zbeklar 1 mln dollar topishi uchun necha yil ishlashi kerak?
Bu qiziq
−
17 aprel 2023
20850O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro 1 million dollar pul topishi uchun o‘rtacha 277 yil kerak bo‘ladi. Bu haqda “Picodi.com” portali e’lon qilgan tadqiqotda ma’lum bo‘ldi.
Nashr tomonidan turli mamlakatlar odamlarining o‘rtacha oylik ish haqi inobatga olinib, million dollar ishlab topishlari uchun necha yil kerak bo‘lishi hisoblab chiqilgan.
Reytingga dunyoning 102 davlati kiritilgan. Ro‘yxatning eng yuqorisida Shveysariya joylashgan bo‘lib, bu mamlakat fuqarosi bir million dollar ishlab topishi uchun 14 yil va 3 oy kifoya qiladi. Ikkinchi o‘rinni 16 yilu 11 oylik ko‘rsatkich bilan Singapur egallagan. Lyuksemburg aholisi bu borada uzoqroq vaqt mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi — 17 yilu 4 oy. Kuchli beshlikka AQSH (19 yil 10 oy) va Islandiya (20 yil 11 oy) ham kiritilgan.
Reytingda boshqa davlatlardan Rossiya 60-o‘rinni egallagan. Mamlakatda o‘rtacha ish haqini olib, 136 yil-u 10 oyda million dollar ishlab olish mumkin. Armaniston 63-o‘rin (148 yilu 8 oy), Belarus 68-o‘rin (165 yilu 10 oy), Qozog‘iston 69-o‘rin (171 yil), Gruziya 70-o‘rin (172 yilu 8 oy), Ozarbayjon 87-o‘rin (228 yilu 8 oy) va O‘zbekiston 91-o‘rinda (277 yilu 8 oy) qayd etilgan. Ya’ni o‘zbekistonlik bir million dollar topishi uchun o‘rtacha hisobda 277 yilu 8 oy ter to‘kishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Nigeriya (519 yilu 1 oy), Uganda (523 yil 3 oy), Misr (603 yil 6 oy) va Pokiston (621 yilu 3 oy) aholisi million dollar ishlab topishi uchun 500 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.
LiveBarchasi