Fitch xalqaro reytingi O‘zbekistonning suveren kreditini barqaror deya baholadi
Jamiyat
−
05 mart 2023
4691Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini BB (barqaror kutilma) darajada tasdiqladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, respublikaning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘’tadil davlat qarzi darajasi va BB reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi shoklar ta’siriga qarshi chidamlilik namoyish eta oldi, shu bilan birga tashqi shoklar bilan bog‘liq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, Jahon bankining so‘nggi e’lon qilingan boshqaruv sifati ko‘rsatkichlarida O‘zbekistonning o‘rni sezilarli yaxshilanib to‘qqiz pog‘onaga ko‘tarilgan. Bunda mazkur o‘zgarish tartibga solish sifati va hukumat samaradorligi, aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik hamda korrupsiyani tiyib turish ko‘rsatkichlarida aks etgan.
2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining 5,7 foizga o‘sishiga asosiy omillar sifatida yuqori eksport hajmlari, fiskal rag‘batlantirish hamda aholi iste’molining o‘sishiga sabab bo‘lgan pul o‘tkazmalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Agentlik global iqtisodiyotining sekinlashuvi ortidan 2023-2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rtacha 5,4 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.
Fitch prognoziga ko‘ra, fiskal konsolidatsiya kutilganidan ko‘ra tezroq amalga oshib, konsolidatsiyalashgan byudjet defitsitining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2023 yilda agentlik tomonidan kutilgan 3,9 foiz o‘rniga 3,5 foizni, 2024 yilda esa 2,3 foizni tashkil etadi. (BB reytingiga ega mamlakatlar uchun o‘rtacha – 3,3 foiz)
Shuningdek, agentlik imtiyozli shartlarda jalb qilingan uzoq muddatli kreditlar sababli davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni past darajada baholagan.
Hisobotda keltirilishicha, pul o‘tkazmalari o‘sishining barqarorlashuvi va import hajmining ortishi natijasida 2023-2024 yillarda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan o‘rtacha 4,4 foizni tashkil qiladi.
Agentlik 2022 yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,3 foizni tashkil etishi, 2024 yilga kelib mazkur ko‘rsatkich 9,0 foizgacha pasayishini prognoz qilmoqda.