O‘zbekistonning mundialdagi imkoniyati baholandi

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va qatnashish ehtimoli yuqori bo‘lgan eng kuchli terma jamoalarning mundialdagi imkoniyatlari baholandi. ESPN nashri 87 ta terma jamoaning Jahon chempionatidagi imkoniyatlarini tahlil qilib chiqdi.

Baholashda jamoalarning so‘nggi o‘yinlardagi natijalari hamda tarkibdagi futbolchilarning bozor qiymati asosiy mezon sifatida olindi.

Reyting natijalariga ko‘ra, Dide Desham boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu jamoaning navbatdagi Jahon chempionatidagi hujum uchligi Kilian Mbappe, Maykl Olise va Usmon Dembeledan iborat bo‘lishi kutilmoqda. “Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, bu uchlikning o‘rtacha bozor qiymati 127 million yevroni tashkil etadi. 2018 yilda Jahon chempioni bo‘lgan va 2022 yilgi finalda penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchragan Fransiya endi 2026 yilgi turnirga yanada kuchli va iste’dodli tarkib bilan tayyorlanmoqda.

Ikkinchi pog‘onani Yevropa chempioni Ispaniya, kuchli uchlikni esa Yevropa qit’asidan birinchilardan bo‘lib Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Angliya terma jamoasi yakunladi. Musobaqaning amaldagi chempioni Argentina esa ro‘yxatda 7-o‘rinni egallagan.

Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ESPN reytingida 53-o‘rindan joy oldi. Osiyo qit’asidagi jamoalar orasida Yaponiya 25-o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, u mintaqada eng yuqori natijani qayd etdi. Shuningdek, Janubiy Koreya (42), Avstraliya (45) va Eron (48) ham O‘zbekistondan yuqori o‘rinlarni band etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga qura tashlash marosimida 3-savatchadan joy olishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon chempionati mundial

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing