O‘zbekistonning qarzi qanchaligi va u nimalarga ishlatilgani aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Xo‘sh, olingan fantastik mablag‘lar nimalarga sarflangan. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning 29-yalpi majlisida bu haqda hisobot berdi.  

Uning qayd etishicha, 25,9 mlrdni tashkil etayotgan davlat umumiy qarzining 23,2 mlrd dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi. Bu asosan byudjetni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan qarzlardan iborat. 

Jumladan: 
•    byudjetni qo‘llab-quvvatlashga 6 mlrd;

•    yoqilg‘i-energetika sohasini qo‘llab-quvvatlashga 5, 6 mlrd; 

•    transport va transport infratuzilmasiga 2,5 mlrd;

•    qishloq va suv xo‘jaligiga 2,4 mlrd;

•    uy-joy kommunal xo‘jaligiga 2,2 mlrd;

•    tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga 1,5 mlrd;

•    kimyo sanoatiga 1,1 mlrd;

•    ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasiga 700 million;

•    boshqa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar uchun 1 mlrd dollar olingan. 

“E’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lganim, bu to‘lov. Byudjetni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha va mudofaa maqsadida olingan qarz mablag‘lari davlat byudjetidan so‘ndiriladi. Bu ham foizga, ham qarzning taniga taalluqli. 

Lekin, iqtisodiyotimizni qo‘llab-quvvatlash uchun, masalan, yoqilg‘i-energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun olingan qarz mablag‘lari yoki qayta kreditlangan, yoki davlat kafolati taqdim qilingan. Ikki holatda ham o‘sha loyihalardan manfaatdor bo‘lgan davlat korxonasi yoki banklar tarafidan mazkur qarz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijdagi bankga to‘lanadi yoki Moliya vazirligidan to‘lanadi. Bunda davlat byudjetiga yuk tushmaydi”, deydi Odilbek Isoqov.

Eslatib o‘tamiz, yalpi majlisda senatorlar “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi. Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlari belgilanmoqda. 

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

davlat qarzi

Baholaganlar

489

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing