Qirg‘izistonning qancha qarzi borligi e’lon qilindi
Olam
−
11 Oktabr
26474Qirg‘izistonning “Eldik” va “Alyans” fraksiyalari deputatlari guruhining yig‘ilishida mamlakat Moliya vaziri Almaz Baketayev davlat qarzi hajmini e’lon qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Almaz Baketayevga ko‘ra, umumiy davlat qarzi hajmi 6,5 milliard dollarni tashkil qiladi, shundan taxminan 4,5 milliard dollar tashqi, qolgan qismi ichki qarz.
Vazirning ma’lum qilishicha, ichki qarzlar Moliya vazirligi tomonidan yiliga o‘rtacha 12-14 foiz stavka bilan olinadi, tashqi qarzlar esa 2 foiz stavka bilan. Ichki qarzlar ko‘proq foiz stavkalariga ega bo‘lishiga qaramasdan, vazir tashqi qarzlarning past stavkasini ularning chet el valyutasida olinishi va kursning o‘zgarishi mumkinligi bilan izohlagan.
“Ikkinchidan, agar biz valyuta kursi va foiz stavkasini birga hisoblasak, tashqi qarzlar bo‘yicha ko‘proq to‘lashimiz mumkin. Uchinchidan, qarzlarni to‘lash uchun biz valyutani sotib olamiz. Keyin uni chet elga jo‘natamiz va bu mablag‘lar boshqa davlatning iqtisodiyoti uchun ishlaydi. Ichki qarzlarni olish orqali biz o‘z sub’ektlarimizga, banklar, ijtimoiy fond va boshqalarga to‘laymiz”, deb tushuntirgan vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik palatasi yig‘ilishida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i 37 milliard dollarni tashkil etayotganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar, ichki qarzi 6,1 milliard dollarga yetgan.
LiveBarchasi