O‘zbekistonning davlat qarzi haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
06 noyabr 2023
224042023 йил 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 29,2 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1 iyul holatiga ko‘ra, qarz miqdori 31,5 milliard dollarga yetgan. 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 37 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan byudjetnomada ma’lumot berildi.
Shu bilan birga so‘nggi hisob kitoblarga qaralsa, davlat qarzi YAIMga nisbatan 36,8 foizga teng bo‘lgan. Shundan davlat tashqi qarzi 25,9 milliard dollar, ichki qarzi 5,6 milliard dollarni tashkil etgan. Byudjet qonunchiligida 2023 yilda 4,5 milliard dollar tashqi qarz jalb qilish belgilangan.
Dastlabki tahlillarda makroiqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlar barqarorligi ta’minlansa, davlat qarzining YAIMga nisbati 2024 yilda 37 foiz, 2025 yilda 37,4 foiz, 2026 yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilingan. Kutilmalarga qaraganda, 2024 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 100 milliard dollardan, 2025 yilda 125 milliard dollardan, 2026 yilda 140 milliard dollardan ortishi mumkin.
Kelgusi uch yilga mo‘ljallangan byudjet prognoz parametrlarini ishlab chiqishda davlat qarzining o‘rta muddatli davrda makroiqtisodiy xavfsiz hisoblangan YAIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi bo‘yicha kiritilgan “fiskal qoida”ga amal qilish va buning uchun byudjet taqchilligini 2024 yilda 4 foizdan oshirmaslik hamda o‘rta muddatli davrda o‘rtacha 3 foiz miqdorida ushlab turish maqsad qilingan.
Shuningdek, "2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi davlat dasturlarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tashqi qarz mablag‘larini inobatga olgan holda 52,5 trln so‘m, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,0 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 2025 va 2026 yillarda 3,0 foizni tashkil etishi kutilyapti", deyiladi byudjetnomada.
Qayd etilishicha, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda bir qator quyidagi choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan:
- davlat qarzi bo‘yicha yillik limitlarni belgilash amaliyotini davom ettirish;
- milliy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish orqali valyuta xatarlarini kamaytirish. Bunda davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishning cheklangan sof hajmini 2024 yilda 25 trillion so‘m etib belgilash;
- eng maqbul xarajat va xatar ko‘rsatkichlariga ega davlat qarzi portfelini shakllantirishga qaratilgan o‘rta muddatli davr uchun davlat qarzini boshqarish strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlatish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
- davlat qarzini to‘lashning o‘rtacha muddatini uzaytirish, shuningdek, davlat qarzini manbalar bo‘yicha diversifikatsiya qilish;
- davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni keng jalb qilish jarayonini jadallashtirish;
- davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish;
- davlat qarziga oid ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash.
LiveBarchasi