O‘zbekistonning qarz inqiroziga uchrash xavfi yuqorimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonning qarz inqiroziga uchrash ehtimoli pastligicha qolmoqda. Bu haqda Ron van Ruden boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining asosiy xulosalarini umumlashtiruvchi bayonotda aytilgan.  

O‘zbekistonda fiskal barqarorlikni ta’minlash uchun hukumat byudjet taqchilligini 2021 yildagi YAIMning deyarli 6 foizidan 2022 yilda va undan keyingi yillarda YAIMning 3 foizigacha kamaytirishni maqsad qilgan. Pandemiya kuchaygan taqdirda, fiskal konsolidatsiyani maqsadli qo‘llab-quvvatlash choralari bilan kechiktirish kerak. O‘zbekistonda buning uchun byudjet imkoniyatlari mavjud, negaki qarz inqirozining yuz berish ehtimoli pastligicha qolmoqda. 

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston pandemiyani nisbatan yaxshi yengib chiqdi va mamlakatda iqtisodiy tiklanish jarayoni faol davom etmoqda. 

“Iqtisodiyot 2020 yilning ikkinchi yarmida tiklana boshladi va hukumatning tezkor va kuchli harakatlari tufayli 2021 yilda davom etdi. Joriy yilda o‘sish 7 foizga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Global tendensiyalarni aks ettiruvchi oziq-ovqat va xomashyo narxlari bosimi tufayli inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qoldi va yil yakunida u taxminan 10 foizni tashkil etishi kutilmoqda”, deyilgan bayonotda. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga asosiy savdo hamkorlaridagi o‘sish sur’atlarining sekinlashishi, xomashyo, xususan, oltin narxlarining o‘zgaruvchanligi yoki jahon narxlarining oshishi ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 

Bayonotga ko‘ra, so‘nggi yillarda erishilgan ajoyib yutuqlarga tayangan holda, rasmiylar oqilona makroiqtisodiy siyosatni davom ettirish va tarkibiy islohotlarni ilgari surishga qat’iy sodiqdir. Bu kelgusi yillarda kuchli va barqaror o‘sishni ta’minlash, odamlar daromadlarini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirishga yordam beradi. 

Qayd etilishicha, fiskal barqarorlikni yanada mustahkamlash uchun hukumat davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarzni YAIMning 60 foizigacha cheklaydigan yangi qarz qonunini qabul qilishni rejalashtirmoqda. 

“Ular buni qo‘shimcha fiskal qoidalar bilan to‘ldirishlari, yillik byudjet taqchilligi chegaralarini va Byudjet kodeksiga yangi kafolatlarni kiritishlari, shu bilan birga davlat-xususiy sheriklikni ham qamrab olishlari kerak”, deyilgan bayonotda. 

Ta’kidlanishicha, rasmiylar haqli ravishda xususiy sektor tomonidan kuchli o‘sishni ta’minlashga e’tibor qaratmoqda. 

“Tez o‘sib borayotgan ishchi kuchi bilan yangi ish o‘rinlari, ayniqsa, kichik va o‘rta xususiy korxonalarda paydo bo‘lishi kerak. Buning uchun qonun ustuvorligi mustahkam bo‘lgan korxonalar uchun teng sharoit yaratish, bozorlarni ochish, raqobatni kuchaytirish va savdo integratsiyasiga ko‘maklashish zarur”, deyilgan xabarda. 

Bayonotda qayd etilishicha, davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish, to‘lovga layoqatsizlik to‘g‘risida yangi qonunlarning qabul qilinishi qonunchilik bazasini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi. 

Ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, paxta va g‘alla narxini liberallashtirish, ekin ekish talablarini pasaytirish qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish va ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. 

Bayonotga ko‘ra, moliyaviy vositachilikni kuchaytirish va bank tizimida davlat banklarining rolini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarur. Sog‘lom va raqobatbardosh bank tizimi depozitlarni jalb qilishni oshirish va xususiy sektor o‘sishini moliyalashtirishga yordam berish uchun zarur. 

“Hukumat adolatli va inklyuziv o‘sishni ta’minlash uchun mintaqaviy rivojlanishga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlarining kengaytirilgan vakolatlari va mas’uliyati kattaroq ma’muriy salohiyat va kuchliroq mas’uliyat hamda shaffoflik bilan birga bo‘lishi kerak”, deyilgan bayonotda. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlarini, ob-havoning o‘zgarishi, haroratning oshishi va havo sifatining yomonlashuvini his qilmoqda. Ta’sirni yumshatish uchun hukumat qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni boshlagan.

Energiya tariflarini bozor darajasiga olib chiqish va raqobatbardosh energiya bozorini yaratish, shu bilan birga, zaif oilalarni himoya qilish energiya samaradorligini oshirish va resurslarni taqsimlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. 

“Xuddi shunday, suv tobora taqchil resursga aylanib bormoqda, bu esa suvni yanada samarali boshqarishni talab qiladi”, deyilgan bayonotda. 

Xulosaga ko‘ra, XVJ O‘zbekistonga siyosiy maslahatlar va texnik yordam ko‘rsatish orqali yordam berishda davom etadi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i joriy yilning III choragida 1,1 mlrd. dollarga (yil boshidan 2,1 mlrd dollarga) oshib, 1 oktyabr holatiga 25,3 mlrd dollarni tashkil etmoqda.  

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi esa birinchi yarim yillikda 2 milliard dollarga oshib, jami 35,9 mlrd dollarga yetgan. 

2022 yil yakuniga O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd AQSH dollarga yetib, YAIMga nisbatan 45,2 foizga teng bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot qarz inqirozi

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing