Erksiz media, kuchli geosiyosiy potensial, O‘zbekistonga ishonayotgan JB – Sofia Ibotson bilan suhbat
Intervyu
−
06 iyul 2023
9486O‘zbekistonga ichkaridan turib baho berish har doim ham kutilgan javobni olishda, haqiqatni yuzaga chiqarishda yetarli bo‘lmaydi. Mavjud vaziyat bizga qanchalik chiroyli va muhtasham ko‘rinmasin, asl qiymatni anglashda tashqi nazarlar ham muhim rol o‘ynashi tabiiy. Shu sababdan, QALAMPIR.UZ odatdagidan farqli ravishda O‘zbekiston va uning siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy ko‘lami haqida Jahon banki maslahatchisi, O‘zbekiston turizm elchisi va “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi Sofia Ibotson bilan suhbat qurdi. Suhbat davomida O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy loyihalari bilan bir qatorda uning Afg‘oniston bilan aloqalari, so‘z erkinligi hamda madaniy merosiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Firdavs Zavqiyev, muxbir: — Sofia Ibbotson, siz o‘z LinkedIn sahifangizda “agar mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarni bilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo, pulga e’tibor bering”, degan fikr qoldirgansiz. Sizning bu nazariyangiz O‘zbekistonga ham tegishlimi?
Sofia Ibotson, Jahon banki maslahatchisi: — O‘ylaymanki, iqtisodga nazar solish O‘zbekistondagi vaziyatni tushunishning eng yaxshi yo‘li, chunki insonlar hayotda eng muhim hisoblagan narsalarigagina pul sarflaydi. Shuning uchun agar siz hukumatning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini bilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo, hukumatning investitsiya kiritayotgan sohalariga etibor berishingiz kerak. Ular talimga, sog‘likni saqlashga e’tibor qaratilyaptimi yoki infrastrukturaga investitsiya kirityaptimi, albatta, bunga e’tibor berishingiz kerak. Bu savollar mamlakatdagi xususiy sektorga va xorijiy investorlarga ham tegishli. Xo‘sh, ular qaysi sohalarga investitsiya qilyapti? Bu savol insonlarning prioritetlarini juda qisqa fursatda bilib olishga yordam beradi. Chunki insonlar odatda ahamiyatsiz hisoblagan narsalarga investitsiya kiritmaydi.
F.Z.: — Qoraqalpog‘iston haqidagi kitobingiz yuzasidan gapira turib, juda ko‘p insonlar O‘zbekistondagi bu hudud haqida hatto eshitmagani, bilmasligidan hayratlanganingizni aytib o‘tgansiz. Nima deb o‘ylaysiz, ma’lum mamlakat yoki uning ajralmas bir qismi o‘z milliyligini qanday qilib ommaga tanita oladi? Bu borada O‘zbekiston qanday tashviqotlar qilishi mumkin? Qolaversa, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z milliyligi hamda madaniyatini dunyoga yoyishda amalga oshirayotgan loyihalar qanchalik istiqbolli, sizningcha?
S.I.: — Umuman olganda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, uning o‘ziga xosliklari turlicha, ular bir xil emas. Men bu ikki davlat bir-biridan to‘laqonlicha farq qiladi, demayapman. Sababi, tarixga nazar solinsa, ularning siyosati, madaniyati va o‘tmishida juda ko‘p umumiyliklar mavjud. O‘ylashimcha, milliy o‘ziga xoslik – bu juda murakkab tushuncha va uni rivojlantirish uchun ko‘p vaqt talab etiladi. Shuningdek, milliylikni har bir shaxs o‘zi uchun ham rivojlantirishi kerak. Agar hukumat milliy o‘ziga xoslikni yaratmoqchi bo‘lsa, u haqiqatdan yiroq bo‘lmasin. Chunki insonlar milliylikda o‘z aksini ko‘ra olishlari lozim hamda bu g‘oya atrofida yashay olishlari ham kerak. Misol uchun XX asrda sovet ittifoqi yangi o‘ziga xoslikni yaratishga harakat qildi. 1990 yilda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston mustaqillikka erishganda yangi hukumat yana o‘ziga xoslikni yaratishga kirishdi. Aslida, bu bir necha avlodlar bilan shakllanuvchi narsa, shuningdek, bu uzoq davom etuvchi jarayondir. Ushbu muhitda yashovchi insonlar o‘z qadriyatlarini ushbu g‘oyada ko‘ra olsalargina, buning imkoni bor. Aksincha bo‘lsa, bu haqiqatdan yiroqligicha qolaveradi. Umid qilamanki, qoraqalpoq xalqida o‘z milliyligini shakllantirish uchun yetarlicha imkoniyat bor.
Madaniy jihatdan ularda milliy o‘zlikni ifodalash uchun milliy taomlar, rassomchilik, adabiyot, musiqa, umuman, milliylikni ifoda eta oluvchi barcha omillar mavjud. Biz buni allaqachon u yerda Sovet ittifoqi muzeyi va milliy tarix va arxeologiya muzeylari misolida ko‘rishimiz mumkin. U yerda haqiqatan ham o‘ziga xos milliylik bor. Sayohat varaqalari chop etish, festivallar o‘tkazish va shu kabi loyihalar orqali Qoraqalpog‘iston o‘z milliyligini dunyoga olib chiqa olishi mumkin.
Yana bir jihati shundaki, milliylikning marketinggi biroz boshqacha. Biz uni boshqa mahsulotlar singari misol uchun Coca-Cola, mashina va boshqa manufaktura mahsulotlari singari sota olamiz. Mahsulotimizning biz xohlagandek sotilishi esa, albatta, uning marketinggi, brendingiga va uni reklama qilishga sarflagan mablag‘imizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Bu doim ham juda subektiv fikr. Mahsulotni dunyoga chiqarmoqchi bo‘lgan tadbirkor, albatta, uning o‘ziga xos va yangi jihatlarini tanlaydi va reklama qiladi.
Qoraqalpog‘iston misolida esa, aminmanki, biz ommalashtira oladigan va dunyoga chiqara oladigan juda ko‘p o‘ziga xos narsalar bor. Keling, ikkita misolda buni ko‘rib chiqamiz. Ularda biri – bu Qoraqalpog‘istonning tabiatiga doir eko-turizm! Orol dengizi va Qoraqalpog‘istonning boshqa hududlari duch kelayotgan tabiiy muammolar sababli, bugun biz payqay oladigan ko‘p narsalar bor. Bundan biz inson omili hamda tabiiy muhit o‘rtasidagi aloqalar haqida hikoya qilib, uning bir qismi sifatida foydalana olamiz. Faqatgina muammolar emas, qilayotgan yechimlarimiz, hududda yashovchi, xavf ostida qolgan hayvonlar himoyasidan tortib toki saksovullarning ekilishi sabab cho‘llarni yashillashtirishga urinishimiz ham ko‘rinadi shunda.
Ushbu holatlarni ommaga chiqarish orqali biz Qoraqalpog‘iston atrof-muhitga qanchalik e’tibor berayotganini hamda hudud yaxshi loyihalar olib borayotganini ko‘rsata olamiz.
F.Z.: — Bilamizki, O‘zbekistonda BBC’ga 11 yillik taqiqdan so‘ng, O‘zbekistonda uning yana qayta faoliyat boshlashida tashabbuskor shaxs bo‘lgansiz. O‘zbekiston hududida gapira olish huquqiga ega bo‘lganlariga qaramasdan, bugungi kunda BBC’ning mamlakatdagi faoliyati qanchalik erkin deb uylaysiz? Ushbu media tashkilot mamlakat siyosiy faoliyatiga va fuqarolarning ijtimoiy faoliyatiga qanchalik o‘z ta’sirini o‘tkaza olyapti?
S.I.: — BBC har doim jurnalistikaning eng yirik bo‘g‘inlaridan biri hisoblangan. Insonlar bilan jahon mediasi haqida gaplashganingizda, ular boshqa media tashkilotlariga, xususan mahalliy telekanallarga ishonishmaydigan jabhalarda BBC’ga ishonch bildirishlariga guvoh bo‘lasiz. Shu sababdan uning xalqaro statusi juda-juda ahamiyatli. Men BBC’ning O‘zbekistonga qaytishi juda muhim, deb o‘yladim. Albatta, bu hukumat tanqidga hamda medianing sinchkov nigohiga yanada ochiq bo‘lganini anglatadi. Jumladan, O‘zbekistonning xalqaro maydonda muhokama etilayotgani va gapirilyotgani ham bir tomondan bunga sabab bo‘ladi. Xususan, davlatning siyosiy, iqtisodiy hamda diplomatik aloqalarda ham tashqi dunyoga ochilganligi belgisi. Aytishim mumkinki, BBC bugungi kunda O‘zbekistonda yetarli darajada erkin faoliyat yurita olmayapti. O‘zbekistonda BBC-o‘zbek xizmati bor, ammo, boshqa xorijiy til xizmatlari kabi ularda ham ayrim jurnalistlar Londondagi bosh ofisga qaytib keldi va hozirda BBC muallifligidagi boshqa loyihalarda faoliyat yurityapti. Aminmanki, boshqa xorijiy nashrlar O‘zbekistonda yetarli darajada faoliyat yurityapti va o‘zlari xohlagan jarayonlarni kadrga muhrlayapti. Ammo baribir O‘zbekistonda media boshqa mamlakatlarda bo‘lganligi jabi erkin emas. Ba’zi jurnalistlar, ayniqsa, mahalliy jurnalistlarning faoliyati anchagina cheklangan va jarimaga tortilmoqda. Umid qilamanki, vaqt o‘tishi bilan vaziyat yaxshilanishi mumkin.
Ayta olamanki, O‘zbekiston hukumati bir necha yillarda bu vaziyatni yaxshilay oladi, xususan, hukumat erkin mediaga ruxsat berishi kerak. Jurnalistlarda o‘z faoliyatlarini olib borish uchun xavfsiz imkoniyat yaratish orqali ularni keraksiz vaziyatlarda jarimaga tortmasdan, erkin siyosiy muhit yaratish kerak. Shuningdek, jurnalistlarning o‘zlari uchun ham erkin treninglarda ishtirok etish, o‘z auditoriyasini rivojlantirish, o‘zlari xohlagan materiallarni chop etish, erkin intervyular qilish, erkin tadqiqot olib borishlari uchun ham bu kerak.
F.Z.: — O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligi hukumat faoliyati hamda hukumat homiyligidagi loyihalarga unchalik ishonmasligini aytadi. Biroq, bugungi kunda Jahon banki Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng katta investitsiyani O‘zbekistonga kiritmoqda. Jahon banki mamlakat hukumati hamda u olib boryotgan loyihalarning istiqboliga ishonishda qanday faktorlarga tayanyapti?
S.I.: — Ishonamanki, Jahon banki va boshqa faktorlar bir-biridan farqli ob’ektivlarga ega. Jahon banki O‘zbekistonning salohiyatiga ishonmoqda. Biroq Jahon banki bu yerda hamma narsa mukammal, deb o‘ylamaydi. Agar mukammal bo‘lganda, bank bu kabi investitsiya qilmagan bo‘lardi. Xuddi boshqa hamkor davlatlar kabi. Bank va O‘zbekiston rivojlanish uchun hamkor. Rivojlanish bu davom etuvchi jarayon va o‘sishni yaxshilanishni anglatadi. O‘ylaymanki, bank O‘zbekistonda yaxshilanishi kerak bo‘lgan jabhalarni ko‘rmoqda va bu bankning hamkorligi uchun sabablardan biri. Shuning uchun biz O‘zbekiston tarixida bu jarayonni ijobiy davr, deb baholayapmiz. Chunki o‘tgan asrning 90-yillarida va hatto 2000-yillarda ham xalqaro tashkilotlar, xususan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki uchun loyihalar qilish juda qiyin edi. Hukumat xorijning qamrovi uchun ochiq emas va rivojlanish uchun hamkorlik yo‘q edi. Bugun ko‘ryapmizki, Jahon banki davlatga ko‘p investitsiya kirityapti hamda loyihalarni qo‘llab-quvvatlayapti. Chunki ular hukumatni barqaror hamkor etib baholashadi va shu sababdan ijobiy o‘zgarish qilish uchun ular hamkorlikda ishlay oladi. Bu hukumat yolg‘iz o‘zi hamma narsani qila olishi yoki hamkor tashkilot hamma narsani qila olishini ham anglatmaydi. Shuningdek, hamkorlik ham hamma narsa mukammal darajaga chiqishini kafolatlamaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, hamkorlikda ishlash yetarli o‘zgarish qilish uchun yaxshi imkoniyat beradi. Xususan, sog‘likni saqlash sohasi, infratuzilmani yaxshilash hamda yetarli yashash imkoniyatlarini yaratish uchun.
Bugungi loyihalarda men yoqtirgan narsa shuki, bu jarayon uzoq muddatli. Bular shunchaki 20 oyda tugallanadigan ishlar va biz tez fursatda tark etadigan loyihalar emas. O‘zaro hamkorlik 5, 10, 20 yillik va shunga o‘xshash uzoq muddatli loyihalarni taklif qiladi va bu uzoq muddatli rivojlanish hamda o‘sish degani. Qachonki biz elektr tizimi yoki onalardagi axloqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi istalgan biron loyihani amalga oshirishning uddasidan chiqa olganimizda, orqaga qaraymiz va biz buni uzoq muddatli hamkorlikda qildik deya olamiz. Aslini, olganda bu jarayon mamlakatda allaqachon yuz bermoqda. Bugun men ko‘rayotgan voqealarning juda ko‘pi biz 10 yil oldin kuzatganimizdan ko‘ra juda farqli. Bu biz hammasini to‘g‘ri qilganimizni anglatmaydi, albatta, bazida xatolar qildik, chunki dunyo o‘zgaryapti. Masalan biz COVID-19 yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bashorat qilmagandik yoki Afg‘onistonda “Tolibon” harakatining qaytishi va hukumat qulashini taxmin qilmagandik. Umuman, biz kelajak haqida aniq ayta olmaydigan juda ko‘p narsalar bor. Ammo mamlakatdagi hukumat xususiy sektor hamda xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilgan ishlar, albatta, ijobiy ta’sirga ega bo‘ladi. Va mamlakatda o‘sishga xizmat qiladi.
F.Z.: — Bilamizki, O‘zbekiston qadimda buyuk ipak yo‘lining yuragi hisoblangan. Bugungi kunda biz mamlakatni ipak yo‘li davlatlarining yuragi, deb ayta olamizmi? Bugungi kunda ushbu davlatlar, qadimiy buyuk ipak yo‘li davlatlarining siyosiy, madaniy hamda iqtisodiy aloqalarida O‘zbekistonning roli qanchalik muhim?
S.I.: — O‘zbekiston o‘z geografik pozitsiyasini saqlab qolgan. Va u har doim sharqdan g‘arbga nisbat berganda yoki shimoldan janubga ipak yo‘lining fizikal yuragi bo‘lib qoladi. O‘zbekistonning joylashuvida, geografiyasida, logistika va transport tizimida juda kuchli pozitsiyasi mavjud. Shu sababdan u juda keng ta’sir doirada rol o‘ynay olish potensialiga ega. O‘zbekiston xalqaro muhokamalarda ham juda muhim ahamiyatga ega bo‘lyapti. Misol uchun ikki vaziyatni olaylik, biri O‘zbekiston “Tolibon” bilan bo‘lgan muhokamalarda faol ishtirok etyapti va Afg‘onistonning xavfsizlik tizimini yaxshilashda muhim rol o‘ynamoqda. Bir necha yillar oldin O‘zbekiston bu kabi suhbatlarda ishtirok etmasdi. Bu boradagi suhbatlar va muhokamalar Afg‘onistondan juda uzoqda Vashington va shu kabi shaharlarda bo‘lib o‘tardi. O‘zbekistonning Afg‘onistonga berayotgan e’tibori sababli bugun mamlakatda asosiy e’tibor markazida Afg‘oniston bo‘lgan konferensiyalar hamda suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, logistika sohasida ham O‘zbekiston juda ko‘p loyihalarga bosh bo‘lmoqda. Masalan, transafg‘on temir yo‘li hamda O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlarni janubiy Osiyoga, Fors korfaziga hamda Xitoyga bog‘lovchi transport koridorlarini yaxshilashda faol ishtirok etmoqda. Bu faqatgina yo‘l va temiryo‘l tizimiga investitsiya kiritish emas, balki, chegaralarni kesib o‘tuvchi loyihalarga ham investitsiya kiritish, o‘sish va tizimni yaxshilashni, iqtisodni moliyalashtirishni angatadi. O‘zbekiston bu borada juda samarador ishlayapti. Hukumat o‘z qulay geografik joylashuvidan faqatgina eksport va import qiluvchi yoki mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi tranzit mamlakat sifatida emas, o‘z iqtisodiy va siyosiy pozitsiyasini oshirishda ham foydalanmoqda.
F.Z.: — Nima deb uylaysiz, mahalliy aholining an’anaviy qarashlari hamda millatning mentaliteti mamlakat rivojlanishida o‘z ta’sirini o‘tkaza oladimi? Agar javobingiz “ha” bo‘lsa, o‘zbek mentaliteti hamda o‘zbeklarga xos qadriyatlar mamlakat rivojlanishida qanchalik rol o‘ynayapti?
S.I.: — To‘g‘risini aytganda, nafaqat O‘zbekistonda, balki istalgan mamlakatda ham avloddan avlodga o‘tuvchi mentalitet mavjud bo‘la oladi, deb uylamayman. Masalan, agar siz Toshkentdagi yosh universitet bitiruvchisi, Farg‘onadagi keksa yoshli ayol bilan yoki Qoraqalpog‘istondagi kon qazuvchi yoki gaz sohasidagi injener bilan gaplashsangiz, ularning har birida turli xil qarashlar va o‘ziga xos qadriyatlar borligiga guvoh bo‘lasiz. Shu sababdan O‘zbekiston uchun yagona qadriyat va mentalitet bor, deb aytish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ma’lum ma’noda bu yordam bermaydi. Ahamiyatlisi, hududda barchaga xos umumiy qarashlarni va qadriyatlarni aniqlash hamda ular insonlar hayotida aks etishi uchun siyosiy muhit yaratishda, shuningdek, ko‘pchilikning fikriga qo‘shilmaydigan ozchilikdan iborat fikr egalari uchun ham imkon berilishi kerak. Sababi ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan g‘oyalar har doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Ular kam sonli etnik qatlam yoki boshqacha fikrli siyosiy guruh vakillari yoki boshqa diniy e’tiqodga ega fuqarolar ham bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, ular kim bo‘lishidan qat’i nazar, biz har bir kishi uchun erkinlik berishimiz kerak va ularni tinglashimiz lozim. Shu bilan birga, biz har doim ko‘pchilikning fikriga ko‘ra qadam tashlamasligimiz ham kerak. Shu sababdan har kim o‘z fikrini ayta oladigan erkin platforma yaratish lozim. O‘zaro erkin fikr almashish orqaligina biz ma’lum bir muammoga yechim topa olishimiz mumkin.
Firdavs Zavqiyev
LiveBarchasi