O‘zbekistonning eng kuchli bokschilari aniqlandi
Sport
−
29 noyabr 2023
17600Kecha, 28 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Universal” sport majmuasida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining final janglari o‘tkazilib, barcha vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar ma’lum bo‘ldi.
-48 kg vazn toifasida Shodiyorjon Meliqo‘ziyev finalda Avazjon Yo‘ldoshevdan ustun keldi. -51 kg vaznda Asilbek Jalilov Muhammadqodir Mamirjonovni mag‘lub etgan bo‘lsa, -54 kg da Shaxzod Muzafarov Foziljon Abdumurodovni dog‘da qoldirdi.
-57 kg vaznda Mirazizbek Mirzahalilov va Xudoynazar Fayzovning jangi shiddatli ruhda kechdi. Fayzovning munosib qarshiligiga qaramay, yakunda tajriba o‘z so‘zini aytdi va Mirzahalilov O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. -63,5 kg da Ruslan Abdullayev va Mujbillo Tursunov o‘rtasidagi to‘qnashuv ham barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Yakunda esa Abdullayevning qo‘li baland keldi.
-67 kg da Kamronbek Turg‘unboyev, -71 kg vaznda esa Havasbek Asadullayev musobaqa chempioni bo‘ldi, ularning raqibi jarohati sabab ringga chiqmadi.
-60 kg da Dilshod Abdumurodov, -75 kg da A’loxon Abdullayev, -80 kg da To‘rabek Xabibullayev, -92 kg da Lazizbek Mullajonov va +92 kg vazn toifasida Jahongir Zokirov O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
-86 kg da Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning ukasi Samandar Jalolov finalda tajribali Shohjahon Abdullayev bilan to‘qnash keldi. 2-raundga kelib Abdullayev tomoni jangni davom ettirishni istamadi va 19 yoshli Samandar Jalolov oltin medalni qo‘lga kiritdi.