O‘zbekistonning 2025 yilgacha mo‘ljallangan investitsiya strategiyasida nimalar rejalashtirilgan?
Jamiyat
−
28 iyun 2019
4786Bugun, 28 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining 2025 yilgacha mo‘ljallangan investitsiya va sanoat siyosati strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar, mamlakatimiz va xorijiy konsalting kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, biznes-hamjamiyat mutaxassislari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Hozirgi vaqtda jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarida jiddiy pasayish kuzatilmoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston milliy iqtisodiyotga katta miqdorda investitsiyalar kiritilishiga ko‘maklashadigan chuqur tarkibiy islohotlar o‘tkazishga intilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2025 yilgacha mo‘ljallangan investitsiya va sanoat siyosati strategiyasi aynan mamlakatda investitsiya faoliyatini kuchaytirish, tegishli muhitni yaxshilashga qaratilgan.
Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagi uchta yo‘nalish bo‘yicha aniqlab olingan: investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiyalarning ichki manbalarini faollashtirish va investitsiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, samarali operatsion chora-tadbirlarni amalga oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish va jahon standartlariga muvofiqligini ta’minlash sanoatni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, tarmoqlarning innovatsion salohiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish ham asosiy vazifalar orasida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatga mo‘ljallangan investitsiya va sanoat siyosati strategiyasi xususiy biznesni rivojlantirish uchun investitsiya muhiti va shart-sharoitlarni yaxshilashga erishish imkonini berishi ta’kidlandi.
Muhokama chog‘ida O‘zbekistonga xorijiy kapitalni jalb qilish sohasidagi muhim muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Biznes-hamjamiyat va konsalting kompaniyalari vakillari muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mamlakat hududlari iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishning huquqiy asoslari va mexanizmlarini, usullarini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar berildi.
LiveBarchasi