O‘zbekistonliklarning Janubiy Koreyaga ishga borishi osonlashishi mumkin
Jamiyat
−
19 aprel
5793Joriy yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Koreya Respublikasi elchisi Von Do Yon bilan uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston va Janubiy Koreya viza talablarini soddalashtirish va o‘zbekistonlik mavsumiy ishchilar uchun qulay imkoniyatlarni yaratish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi va O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning asosiy jihatlari muhokama qilingan.
Kun tartibidagi asosiy mavzular Janubiy Koreya mehnat bozori uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va ishga jo‘nab ketishdan oldingi tayyorgarlik uchun yangi ta’lim tashabbuslarini yaratish masalalari bo‘lgan.
“Viza talablarini soddalashtirish, shu jumladan o‘zbekistonlik mavsumiy ishchilar uchun qulay imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, tomonlar Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vetnam Milliy majlisi raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlarni vizasiz tartibni joriy qilish orqali rivojlantirish masalasini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi