O‘zbekistonliklarning Koreyada ish joyini o‘zgartirishi osonlashadi
Jamiyat
−
16:48 292 3 daqiqa
Endi E-9 vizasi asosida Koreyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligining roziligini olishi shart bo‘lmaydi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlik Koreya Respublikasiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilayotgan fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomaning ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqqan. Natijada ish joyini o‘zgartirishdan oldin agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi roziligini olish hamda bu talabga rioya qilmaganlik uchun jarima qo‘llashni nazarda tutuvchi bandlar shartnomadan chiqarib tashlangan.
Bunday talablar avval fuqarolarning Koreyada noqonuniy maqomga o‘tib ketishining oldini olish, ular bilan doimiy aloqani ta’minlash hamda zarur hollarda ijtimoiy, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida kiritilgan edi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zgarishlar Koreyadagi ish beruvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar, shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida amalga oshirilgan.
Endilikda fuqaro ish joyini o‘zgartirish uchun agentlikning alohida roziligini olmasdan, amaldagi tartib va qonunchilik asosida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi hamda yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin.
Shu bilan birga, bu o‘zgarish Koreyaning E-9 vizasi bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablarini bekor qilmaydi. Jumladan, shartnomada fuqaroning Koreya hududida noqonuniy maqomda bo‘lmasligi majburiyati saqlanib qolgan.
Agar fuqaro ushbu talabni bajarmasa, shartnomaga ko‘ra, har bir kechiktirilgan oy uchun 2 ming AQSH dollari miqdorida jarima qo‘llanadi. Shuningdek, fuqaro jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamasa yoki undan undirishning imkoni bo‘lmasa, jumladan, u Koreyada noqonuniy maqomda bo‘lsa, jarima va uni O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash majburiyati kafili zimmasiga yuklanadi.
Shartnomaga ko‘ra, E-9 vizasi asosida ishlayotgan fuqaro ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganidan so‘ng 1 oy ichida ish izlovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi va 90 kun ichida yangi ishga joylashishi lozim. Aks holda Koreya Respublikasi hududini tark etishi talab etiladi.
Bundan tashqari, Koreyadan qaytgan fuqaro 30 kun ichida Migratsiya agentligiga murojaat qilib, “Mehnat faoliyatini amalga oshirishdan so‘ng kelgan shaxs“ sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Shartnomada Koreyaga ketayotgan fuqarolar uchun agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va to‘lovlar ham belgilangan. Unga ko‘ra, fuqaro Koreyaga jo‘nab ketishidan oldin jami 50 BHM miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Shundan 40 BHM Koreyada ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, 10 BHM esa ko‘niktirish va o‘qitish xizmatlari uchun undiriladi.
Agentlik, o‘z navbatida, fuqaroga Koreyadagi ish beruvchi yuborgan mehnat shartnomasi loyihasini taqdim etish, viza olish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berish, “Toshkent–Seul“ yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilinishini tashkil etish hamda Koreyaga ketishga ko‘maklashish majburiyatlarini oladi.
Shuningdek, fuqarolarga Koreyada mehnat huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli idoralarga murojaat qilishda ko‘maklashish, mehnat faoliyatiga tayyorlash va moslashtirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish ham agentlik zimmasidagi majburiyatlar qatorida.
Fuqaro esa Koreya qonunchiligi, milliy an’analar, urf-odat va odob-axloq normalariga rioya qilishi, qonunga zid harakatlar sodir etmasligi hamda mehnat shartnomasi talablarini bajarishi lozimligi qayd yetilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasi uchun Moskvaga borishi kerakligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi