O‘zbekistonliklarni AQSHga olib kirgan transchegaraviy guruh ISHID bilan aloqadorlikda gumonlanmoqda
Olam
−
27 iyun
6384O‘zbekistondan borgan migrantlarni AQSHga olib kirish bilan shug‘ullangan transchegaraviy guruh ISHID bilan aloqadorlikda gumonlanmoqda. Bu haqda “NBC News” xabar berdi.
Nashrning AQSH Ichki xavfsizlik departamenti bayonotiga asoslanib yozishicha, transchegaraviy guruh mamlakatga terrorchilarni emas, balki migrantlarni olib kirish bilan shug‘ullanganini bildirgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan 400 dan ortiq fuqaroni AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tgan. Biroq ushbu guruhga aloqador boshqa bir jinoiy uyushma 2023 yilning yozida ISHID bilan aloqalari ortidan “qora ro‘yxat”ga tushgan. Bu esa aloqadorlarning ham gumondorlar ro‘yxatiga qo‘shilishiga olib kelgan.
Keltirilishicha, AQSHga olib o‘tilgan 400 dan ortiq migrantning ko‘pchiligi O‘zbekistondan bo‘lgan. AQSHga olib kelingan ushbu muhojirlarning mamlakatda terrorchilikni amalga oshirish rejalari borligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo immigratsiya agentliklari ehtiyotkorlik bilan ularni hibsga olmoqchi. Ulardan 150 dan ortig‘i hibsga olingan bo‘lsada, 50 dan ortig‘ining qayerda ekani noma’lumligicha qolmoqda.
Shuningdek, AQSH hukumati so‘nggi oylarda Tojikiston, O‘zbekiston, Moldova, Qirg‘iziston, Gruziya va Rossiyadan kelgan muhojirlarni diqqat bilan o‘rganib chiqayotganini bildirgan. Bu mamlakatlardan kelgan minglab muhojirlarning AQSHda qolish yoki qolmasligini sud hal qiladi.
“AQSHda shu kungacha hibsga olingan yoki deportatsiya qilinganlarning ba’zilariga immigratsiya qoidalarini buzganlik yuzasidan ayblov qo‘yilgan. Biroq, hech kim shu paytga qadar terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmagan”, deya yozgan nashr.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ISHID safiga qo‘shilgan o‘zbekistonliklarga nisbatan sanksiya kiritgandi. Shuningdek, Prezident Jo Bayden Qo‘shma Shtatlarda qonuniy maqomga ega bo‘lmagan yuz minglab muhojirlarga potensial fuqarolikni taklif qilish bo‘yicha keng ko‘lamli saylov aksiyalarini o‘tkazishni buyurgani haqida xabar berilgandi.