O‘zbekistonliklar Xitoy vaksinasi sinovida qatnashyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasining III faza klinik sinovlari ko‘ngillilarda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.

Sinovda 18 yoshdan katta, surunkali kasalliklarga chalinmagan, 5000 ta ko‘ngilli ishtirokchilarni jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ko‘ngillilar ro‘yxatini shakllantirish bilan bir qatorda tanlab olingan ko‘ngillilarga 1-doza vaksina bilan emlash ishlari olib borilmoqda. Ko‘ngillilar sinov jarayonida jami uch doza vaksina bilan emlanishi ko‘zda tutilgan.

Sinov vaksinasi bu – tadqiqot natijasida yaratilgan vaksina turi bo‘lib, klinik sinovlarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan va tegishli tashkilotlardan tasdiqlanmaguncha, sotuvga chiqarilmaydi. 

Mazkur vaksina CHO hujayralarida ishlab chiqarilgan yangi koronavirusning retseptorga bog‘lanuvchi oqsilning (inglizcha qisqartma: NCP-RBD) rekombinant shaklini tozalab, alyuminiy gidroksidi qo‘shish orqali tayyorlangan. Ushbu tadqiqot vaksinasi har bir idishi 25mg /0.5ml/flakon shaklida bo‘lib, 25 mg yangi koronavirusning retseptorga bog‘lanuvchi oqsilning (NCP-RBD) rekombinant shakli va 0.25mg alyuminiy gidroksididan iborat.

Ta’kidlash joizki, ushbu tadqiqotda ishtirok etish yoki etmaslik to‘laqonli ixtiyoriy. Sinov davri mobaynida ko‘ngillilar sinovni davom ettirishga majburlanmaydi. Ushbu sinovda ishtirok etishga qaror qilgan nomzod rozilik xatiga imzo chekishi va uni bir nusxasini o‘zida saqlashi so‘raladi. Sinovda qatnashishga qaror qilishdan avval, COVID-19 ga aloqador simptomlar yo‘qligi va COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganiga shubha yo‘qligi tasdiqlanishi kerak. Shuningdek, nomzod COVID-19 vaksinalarining sinovida ishtirok etmagani va ishtirok etmasligini tasdiqlashi lozim.

Tadqiqotda qatnashishga qaror qilgan nomzodning kasallik tarixi, salomatlik ko‘rsatkichlari, vaksinani qabul qilganidan so‘ngi yig‘ilgan ma’lumotlar va shu kabi boshqa ma’lumotlarni yozib olinadi. Shu bilan birga nomzodlarga yangi koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkinligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar beriladi.

Ushbu sinov 14 oy davom etadi.

Avvalroq, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkentda olib borilayotgan Xitoy vaksinasi sinovlari jarayoni haqida gapirib, vazirlik rahbariyati va o‘zi ham shu preparat bilan emlanganini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina

Baholaganlar

33

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing