COVID-19 ga qarshi vaksina ishlab chiqishga hissa qo‘shgan olimlar Nobel mukofotini oldi
Olam
−
04 Oktabr 2023
4743Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofotini vengriyalik Katalin Kariko va amerikalik Dryu Vaysmanga nasib etdi. Ular COVID-19 ga qarshi samarali mRNK vaksinalarini yaratishga olib kelgan kashfiyotlari uchun mukofotni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.
“Katalin Kariko va Dryu Vaysmanning kashfiyoti 2020 yilda boshlangan pandemiya davrida COVID-19 ga qarshi samarali mRNK vaksinalarini yaratishda hal qiluvchi rol o‘ynadi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Kariko 1970 yillarda Vengriyada fan bilan shug‘ullana boshlagan. 1980 yillarning o‘rtalarida u Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan va u yerda Pensilvaniya universiteti doktori Elliott Barnatan bilan birgalikda in vitro (sinov naychasida) maqsadli hujayralarga kiritilishi mumkin bo‘lgan mRNKni yaratgan.
Vaysman bilan uchrashgandan so‘ng, Kariko turli kasalliklarni davolash uchun ikki zanjirli RNKdan foydalanish bo‘yicha klinik tadqiqotda ishtirok etdi va 1990 yilda u mRNK asosidagi gen terapiyasini yaratishni taklif qildi. Keyinchalik Kariko va Vaysman sintetik mRNK in’eksiyalaridan foydalanib, laboratoriya sichqonlari va maymunlarida anemiyaning ayrim shakllarini davolash uchun buyuriladigan gormon – eritropoetin ishlab chiqarishni ko‘paytirdi.
2021 yil sentyabr oyida Kariko va Vaysman modifikatsiyalangan mRNK ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqqani uchun “Breakthrough Prize” mukofoti sovrindorlari bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 oktyabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilingandi. Bugun, 4 oktyabr kuni esa Stokgolmda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari ma’lum bo‘ldi. Ertaga, 5 oktyabrda adabiyot, 9 oktyabrda esa iqtisod bo‘yicha navbatdagi Nobel mukofoti sovrindori nomi e’lon qilinadi. 6 oktyabr kuni esa Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlanadi.
LiveBarchasi