O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
30 iyul 2770 2 daqiqa
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki davlat fuqarolarini chegarani kesib o‘tganidan keyin 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tish talabidan ozod qilishga kelishib oldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, tegishli protokol bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan. Hujjat 2006 yilda tuzilgan fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitimni to‘ldiradi.
TIV so‘zlovchisiga ko‘ra, protokol O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zaro safarlari tartibini yanada liberallashtirishga qaratilgan. Bu boshqa davlat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirish orqali amalga oshiriladi.
Hujjat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini davlat chegarasini kesib o‘tgan vaqtdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlarida vaqtinchalik yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilishni nazarda tutadi.
“Mazkur protokol fuqarolarning erkin harakatlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, chegaraoldi hamkorligini, turizm, savdo va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi”, deydi Omonulla Fayziyev.
Qayd etish joiz, ayni paytda Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirganidan so‘ng 5 kun ichida shaxsan ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Yangi tartib esa tomonlar ichki davlat tartib-taomillarini to‘liq bajarganidan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari ham o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotni O‘zbekiston rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.
Live
Barchasi