O‘zbekistonlik yuk tashuvchilar nega Gruziya-Turkiya chegarasida qolib ketdi? TIV izoh berdi
Olam
−
02 aprel 2020
6224Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Gruziya-Turkiya chegarasida O‘zbekiston yuk tashuvchi transport vositalarining qolib ketgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ushbu masalaga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, bunga, avvalo, Turkiya hududiga milliy yuk tashuvchilarimizning kirishi cheklangani sabab bo‘lgan.
“Turkiya va Gruziyaning mas’ul vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mazkur masala ijobiy hal qilindi. Turkiya tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘zbekistonlik avtotashuvchilar Turkiya hududiga O‘zbekistondan chiqqan kunlaridan boshlab 14 kunlik muddat tugaganidan keyin kiritiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya Bojxona idorasi va Savdo vazirligi 2020 yilning 30 mart kechasidan boshlab O‘zbekiston yuk tashuvchi transport vositalarini kiritish tiklanganligini tasdiqladi. Bugunga qadar Gruziya-Turkiya chegarasini 50 dan ortiq yuk transporti kesib o‘tgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Anqara va Boku shaharlaridagi elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan. Ular davlatlararo chegarada 14 kunlik muddat tugashini kutayotgan o‘zbekistonlik haydovchilar bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Vazirlik xorijiy davlatlar hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatning chet eldagi elchixonalari va konsullik muassasalari huzurida tashkil etilgan operativ shtablarga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.
LiveBarchasi