O‘zbekistonlik o‘smirlar Rossiyaning “Mangu alanga”sini o‘chirdi (video)
Olam
−
12 dekabr 2023
18284Kecha, 10 dekabr kuni Rossiyada Xotira maydonidagi “Mangu alanga”ni qor bilan o‘chirgan o‘zbekistonlik o‘smirlar oilasi bilan birgalikda mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi xabar berdi.
Gap shundaki, Krasnoye Selo hududida aylanib yurgan 3 nafar o‘smir “Mangu alanga”ga qor to‘pini uloqtirgan va uni o‘chirib qo‘ygan. Politsiya dastlab ikki maktab o‘quvchisi – O‘zbekistondan Sankt-Peterburgga kelgan 14 va 10 yoshli aka-uka bilan suhbat o‘tkazib, ularni ota-onasiga topshirgan. Shundan so‘ng, migrantlarning oilalari kerakli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Rossiyada yashayotgani ma’lum bo‘lgan.
Davlat Dumasi deputati Aleksandr Xinshteynning ta’kidlashicha, ushbu voqeaga bolalarda mamlakatning qadriyatlari haqida ma’lumot va tushunchalarning yetishmasligi sabab bo‘lgan.
“Shu munosabat bilan politsiya ikkala oilani Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborish to‘g‘risida ariza bilan sudga materiallar tayyorlamoqda. Shuningdek, o‘smirlar va ularning ota-onalari protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organlariga jalb qilingan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Astraxan viloyatida yana bir O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hibsga olingandi.
LiveBarchasi