O‘zbekistonlik sportchilarning Osiyo o‘yinlaridagi bugungi natijalari qanday?
Sport
−
05 Oktabr 2023
21004Bugun, 5 oktyabr – Xanchjouda bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining 12-kunida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilar mamlakat delegatsiyasi hisobiga 3 ta oltin va 3 bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
Oltin medal:
• Boks bo‘yicha -51 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Olimpiada va Jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov Tailand vakili Titisan Panmotga qarshi ringga ko‘tarildi. Hal qiluvchi bahsda Do‘smatov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yakunda musobaqa chempioniga aylandi. Shu tariqa u o‘zining Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi.
• -57 kilogramm vazn toifasidagi Abdumalik Halokov ham musobaqaning final bahsida Yaponiya vakili Shudan Harada bilan to‘qnash keldi va 2-raundida texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Halokov jang davomida raqibini ketma-ket 4 marta nokdaun holatiga tushirib qo‘ydi va yaponiyalik murabbiylar shogirdining salomatligini o‘ylagan holda ringga oq sochiq uloqtirishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa o‘zbekistonlik bokschi o‘yinlardagi ilk ishtirokini chempionlik maqomida yakunladi.
• +92 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, ikki karra Jahon chempioni Bahodir Jalolov esa Qozog‘iston vakili Kamshibek Konkabayevga qarshi final bahsida ringga ko‘tarildi. Oltin medal uchun kechgan bahsda Jalolov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yakunda musobaqa chempioniga aylandi. Shu tariqa u Konkabayev bilan kechgan umumiy 10-jangida 7- g‘alabasiga erishdi. Bu bilan u ham Hasanboy Do‘smatov kabi o‘zining Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Bronza medal:
• Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Rustam Assakalov faoliyatida uchinchi bor Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘ldi. -97 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan Assakalov bronza medali uchun kechgan bahsda qozog‘istonlik Islam Umayevni mag‘lub etib, musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi. Ma’lumot uchun, u bungacha musobaqaning oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritgan.
• Ayollar kurashi dasturi bo‘yicha bahslarga kirishgan Aktenge Keunimjayeva O‘zbekiston uchun tarixiy g‘alaba qayd etdi. U ushbu sport turida Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi. 50 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan Keunimjayeva bronza medali uchun kechgan bahsda hindistonlik Pujadan ustun keldi.
• Shuningdek, mazkur sportning -57 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Laylo Sobirova O‘zbekiston hissasiga navbatdagi bronzani keltirdi. Sobirova 3-o‘rin uchun kechgan bahsda hindistonlik Mansi ustun keldi va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi jami 60 medal (19 ta oltin, 16 ta kumush, 25 ta bronza) jamg‘argan holda umumiy reytingning 5-pog‘onasini band etib turibdi.
LiveBarchasi