O‘zbekistonlik sportchi ikki karra Jahon chempionati sovrindori bo‘ldi
Sport
−
23 Sentabr 2023
4942Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 22 sentyabr kuni o‘zbekistonlik sportchi Jasurbek Ortiqboyev yunon-rum kurashi bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi.
55 kilogramm vazn toifasida kurashgan polvon uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda moldovalik Artyom Delenauni 6:1 hisobida dog‘da qoldirgan. Ortiqboyev bu orqali ketma-ket ikkinchi bor Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, 77 kilogramm vazn toifasida kurashga kirishgan Aram Vardanyan ilk o‘tish bosqichida misrlik Muhammad Zahab Halilni mag‘lub etgan bo‘lsa, bronza medali uchun kechgan bahsda yaponiyalik Nao Kusakaga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Biroq Vardanyan Parij-2024 Olimpiadasi litsenziyasi uchun saralash bahslarida qozog‘istonlik Demeu Jadrayevni mag‘lub etib yo‘llanmaga ega chiqdi.
Bu esa O‘zbekiston sportchilari orasida qo‘lga kiritilgan uchinchi litsenziya bo‘ldi. Bungacha gimnastikachi Taxmina Ikromova hamda erkin kurashchi Javrail Shapiyev to‘rt yillikning eng muhim musobaqasi uchun yo‘llanma olgan edi.
LiveBarchasi