O‘zbekistonlik olima Fransiya ordeni bilan taqdirlandi
Jamiyat
−
29 mart 2019
5640O‘zbekistonlik olima Rahima Shirinova fransuz tilini o‘qitish, targ‘ib qilish, shuningdek, fransuz madaniyatini rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun 2019 yil 27 mart kuni Fransiya davlatining “Palmes Académiques” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mazkur orden Fransiya hukumati tomonidan fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
Ma’lumot uchun, “Palmes Académiques” ordeni 1808 yil 19 martda imperator Napaleon I tomonidan ta’sisi etilgan va ilk bor Parij universiteti akademigi hamda professorlari taqdirlangan.
Ayni paytda mazkur ordenga nomzodlar Fransiya ta’lim vazirligi va Palm Akademiyasi ordeni Kengashi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqiladi. Kengash qarori bilan nomzodlar ro‘yxati Fransiya Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Fransuz tili bo‘yicha yetuk mutaxassis Rahima Shirinova 26 yildan buyon O‘zMUda fransuz tilini o‘qitish va bu xalqaro tilni targ‘ib qilish, darslik, o‘quv qo‘llanma hamda lug‘atlar yaratish borasida samarali ishlarni amalga oshirgan. Olimaning 120 dan ortiq fransuz va o‘zbek tarjimachiligi tadqiqi hamda badiiy tarjima tahliliga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari e’lon qilingan. U so‘nggi yillarda davlat grantlarini amalga oshirishga hamda fransuzcha-o‘zbekcha audiovizual va vizual lug‘atlar yaratish kabi innovatsion loyihalarga rahbarlik qilmoqda.
Shuningdek filologiya fanlari doktori, professor Rahima Shirinova “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili O‘zbeiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifidan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida xalqaro tillardan biri hisoblanmish fransuz tilini chuqur o‘rganish, bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.