Makron O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
01 noyabr 2023
13166Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Bugun, 1 noyabr kuni bortida Fransiya Prezidenti bo‘lgan samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumi ishida ham ishtirok etadi.
Sammit yakunida bir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar hamda savdo-investitsiyaviy kelishuvlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga etib borgan edi.
LiveBarchasi