Ozarbayjonlik ofitsiant Moskvadagi terakt paytida 100 dan ortiq odamni qutqarib qoldi
Olam
−
25 mart
13215“Krokus Siti Holl”da ofitsiant bo‘lib ishlagan Ozarbayjon fuqarosi Komil Nesibov terakt vaqtida 100 dan ortiq odamni qutqarib qoldi. Bu haqda SHOT Telegram-kanali xabar berdi.
“Komil aytganidek, fojia yuz bergan kuni u do‘sti bilan “Krokus”da yarim kun ishlagan. Ish vaqti 19:55 atrofida tugagan. Ular tashqariga chiqqach, qattiq portlashlarni eshitgan. Komil va uning do‘sti qo‘rqib ketgan va eng yaqin binoga yugurgan. Ammo keyin ular qaytishga qaror qilgan. Komil o‘q jarohati olgan bir necha kishini yo‘l chetiga sudrab chiqqan, mashina to‘xtatgan va oqsoqlangan ayolni unga o‘tkazgan hamda konsertga kech qolganlarning hammasini tarqatib yuborgan”, deb yozadi Telegram-kanal.
Shuningdek, u bino eshiklarini buzib, odamlarga chiqish joyini ko‘rsatgan. Hamma yerni tutun qoplagani bois u pastki qavatdagi yo‘laklardan birida 80 ga yaqin odamni ko‘rib, ularni tashqariga chiqarishga yordam bergan. Keyinroq polda chirog‘i yonib turgan telefonni topib olgan va uni yo‘lni yoritish uchun ishlatgan.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlagan va “Kamilla” ismli qizdan kelgan qo‘ng‘iroqqa Komil javob bergan. Noma’lum qiz baqirib, ikkinchi qavatda, yong‘in ichida, qaysidir maydonda ekanini aytib, yordam so‘ragan. Yigit ma’lumotni o‘sha paytda yonida bo‘lgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga yetkazgan. Komilning o‘zi esa tutundan bo‘g‘ilib qolgan va uni binodan olib chiqishgan, telefon qilgan qiz esa qutqaruvchilar tomonidan topilgan. Keyinchalik unga yo‘qolgan telefonni berishgan.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi konsert zalida terakt 22 mart kuni kechqurun “Piknik” rok guruhining konserti oldidan sodir bo‘ldi. Oxirgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 137 kishi halok bo‘lgan, yana 182 kishi jarohatlangan. Moskvaning Basmanniy tuman sudi qo‘lga olingan to‘rt gumondorni 22 maygacha hibsda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq savdo markazida garderob xizmatchisi bo‘lib ishlagan asli qirg‘izistonlik 15 yoshli maktab o‘quvchisi Islom Xalilov yuzdan ortiq odamga binodan ko‘chaga chiqish yo‘lini ko‘rsatib, qutqarib qolgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi