O‘zbekistonlik ikki sportchi Osiyo o‘yinlaridan vaqtincha chetlatildi

Sport

−

image

Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilar Pavel Eygel va Nodirbek Shavkatovning doping-test namunasida man etilgan moddalar aniqlandi. Bu haqda Xalqaro doping-test agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 23 sentyabr kuni Yaponiyada musobaqadan tashqari doping-nazorat vaqtida o‘zbekistonlik baydarka va kanoeda eshish sportchisi Pavel Eygeldan namuna olingan. Unda man etilgan trimetazidin moddasi aniqlangan.

Trimetazidin Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Taqiqlangan ro‘yxatiga S4 “Gormonlar va metabolizm modulyatorlari” kategoriyasi bo‘yicha kiritilgan. Undan foydalanish musobaqalar paytida ham, musobaqadan tashqari davrda ham taqiqlanadi. Modda spetsifik bo‘lmagan taqiqlangan moddalar toifasiga kiradi. Trimetazidin, xususan, yurak mushaklarini qon bilan ta’minlanishini yaxshilash evaziga yurak kasalliklarini davolash va oldini olish uchun qo‘llaniladi.

Shuningdek, 22 sentyabr kuni Yaponiyada musobaqadan tashqari doping-nazorat vaqtida aralash yakkakurashlar bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchi Nodirbek Shavkatovdan ham namuna olingan. Unda man etilgan meldoniy moddasi aniqlangan. Meldoniy – Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Taqiqlangan ro‘yxatiga S4 “Gormonlar va metabolizm modulyatorlari” kategoriyasi bo‘yicha kiritilgan. Undan foydalanish musobaqalar paytida ham, musobaqadan tashqari davrda ham taqiqlanadi. Modda spetsifik bo‘lmagan taqiqlangan moddalar toifasiga kiradi. Meldoniy kislorod iste’molini oshirish va energiya almashinuviga ta’sir qilish evaziga chidamlilik va tiklanishni yaxshilab, sportdagi ish qobiliyatini oshirishga yordam berishi mumkin.

Sportchilar tahlil natijalari haqida xabardor qilingan va Butunjahon antidoping kodeksi hamda Osiyo Olimpiya kengashining (OCA) antidoping qoidalariga muvofiq, surishtiruv yakunlanguniga qadar vaqtincha musobaqalardan chetlatilgan.

Chetlatish davrida ular Aichi-Nagoya 2026 Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalar, mashg‘ulotlar, murabbiylik faoliyati yoki boshqa har qanday sport faoliyatida ishtirok eta olmaydi. Sportchilar vaqtinchalik chetlatish bo‘yicha Sport arbitraj sudining Antidoping bo‘limiga (CAS ADD) e’tiroz bildirish huquqiga ega. Ular, shuningdek, “B” namunasi tahlilini o‘tkazishni talab qilishga ham haqli.

Qayd etish joiz, Pavel Eygel Rossiya fuqarosi hisoblanadi va 2018 yilgi Jahon chempionatida bronza medal sovrindori bo‘lgan. 2025 yilning mayida u sport fuqaroligini o‘zgartirib, 2026 yilgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan qatnashishga qaror qilgan. U turnirdagi ishtirokini bugun, 29 sentyabr kuni boshlashi kutilayotgan edi. Nodirbek Shavkatov esa joriy yilning 21 sentyabr kuni aralash jang san’atining modern yo‘nalishida bronza medalning qo‘lga kiritgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qozog‘istonlik yengil atletikachi Yasmina To‘qsonboyevaning 2026 yilgi Osiyo o‘yinlarida 42,195 kilometrlik sportcha yurish marafonidagi g‘olibligi raqiblarining protesti ortidan bekor qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing