O‘zbekistonlik bokschilar JCHda 9 ta medal va 450 ming AQSH dollarini naqd qildi 

Sport

image

Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionati bahslari hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda. 10 may kuni musobaqaning chorak final janglari bo‘lib o‘tdi. Umumiy 11 nafar o‘zbekistonlik bokschi yarim final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarildi.

Kunduzgi dasturda jang qilgan 5 nafar o‘zbek bokschisining barchasi g‘alabaga erishib, turnirda medallarni naqd qildi. Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalokov, Ruslan Abdullayev, Saidjamshid Jafarov va Lazizbek Mullojonov endi yarim finalda jang qiladi.

Kechki dasturda Oybek Jo‘rayev, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, A’loxon Abdullayev va Bahodir Jalolov raqibidan ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Qayd etish joiz, chorak finalda o‘zbekistonlik bokschilar tomonidan chempionatning nomdor bokschilari chiqarib yuborildi. -51 kg vaznda Hasanboy Do‘smatov amaldagi jahon chempioni yaponiyalik Tomoya Suboini mag‘lub etgan bo‘lsa, -92 kg da Lazizbek Mullojonov 5 karra jahon, 2 karra Olimpiada chempioni kubalik Sezar La Kruzdan ustun keldi.

Umumiy hisobda 9 nafar O‘zbekiston vakili yarim finalga yo‘l oldi va bu borada To‘lqin Qilichev shogirdlari eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Yarim finalga yo‘l olgan har bir ishtirokchi kamida musobaqaning bronza medali va 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

Jahon chempionati bahslari 14 mayga qadar davom etadi. 12 may kuni turnirning yarim final janglari bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Lazizbek Mullojonov Saidjamshid Jafarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing