O‘zbekistonlik yana bir Olimpiada chempioni 3 yilga chetlatildi 

Sport

image
Mullajonovda doping aniqlanganiga  ehtimoliy sabab aytildi north_east

Mullajonovda doping aniqlanganiga  ehtimoliy sabab aytildi

Xalqaro test agentligi (ITA) o‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonovda taqiqlangan modda aniqlangani sababli sportchi 3 yil muddatga musobaqalardan chetlashtirilganini rasman ma’lum qildi. Qaror Butunjahon boks bo‘yicha mustaqil antidoping dasturi doirasida qabul qilingan. Bu haqda ITA matbuot xizmati xabar berdi.

Mullojonov 2025 yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari topshirgan namunada metasteron metabolitlari aniqlangach, u antidoping qoidalarini buzgan deb topildi. Metasteron Jahon antidoping agentligi (WADA) taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S1.1 bo‘limiga kiruvchi anabolik androgenik steroid bo‘lib, mushak massasi va kuchni oshiruvchi sintetik modda sifatida har doim taqiqlangan.

Sportchi ayblovlarga qarshi chiqmagan. Antidoping qoidalarining 10.8.1-moddasiga ko‘ra, aybni muddatidan oldin tan olgan sportchilar uchun belgilangan 4 yillik chetlatish muddati 1 yilga qisqartirilishi mumkin. Shunga muvofiq, Mullojonovga 3 yillik diskvalifikatsiya muddati belgilangan.

Diskvalifikatsiya 2025 yil 22 iyuldan 2028 yil 21 iyulgacha amal qiladi. Shuningdek, sportchining 2025 yil 11 iyundan 22 iyulgacha bo‘lgan barcha sport natijalari bekor qilinadi.

Jahon antidoping agentligi (WADA) va O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi belgilangan qaror yuzasidan Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya kiritish huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, 26 yoshli Mullajonov boks bo‘yicha 2024 yil Parij Olimpiadasida -92 kg vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. U, shuningdek, Osiyo chempioni va jahon chempionatining bronza medaliga ham ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki karra Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashidov 2025 yil 13 maydan boshlab 2027 yilning 12 mayigacha ikki yil muddatga musobaqalardan chetlatilgandi. Keyinroq u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bunga munosabat bildirib, diskvalifikatsiya taqiqlangan dori vositalarini qabul qilgani uchun emas, balki joylashuv bo‘yicha qoidalarga rioya qilmagani uchun berilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston boks Lazizbek Mullojonov Olimpiada chempioni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing