O‘zbekistonlik bokschi IBA kamari uchun jang qiladi
Sport
−
10:30
3075O‘zbekistonlik professional bokschi Saidjamshid Jafarov 31 yanvar kuni IBA Chempionlar oqshomida qatnashadi. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘sha kuni Moskva shahridagi “Lujniki” majmuasi mezbonlik qiladigan ushbu boks oqshomida Jafarov rossiyalik Dmitriy Zaxarovga qarshi ringga ko‘tariladi. 71 kg vazn toifasida tashkil etiladigan 6 raundlik jang “IBA Pro European Champion” kamari uchun kechadi.
Turnirning co-main-event jangi og‘ir vazn toifasida o‘tkazilib, unda Bahodir Jalolovning sobiq raqibi belgiyalik Jek Mulovayi rossiyalik Artem Suslenkov bilan to‘qnash keladi. Mazkur 10 raundlik jang g‘olibi ham “IBA Pro European Champion” kamarini qo‘lga kiritadi.
Oqshomning markaziy jangi superog‘ir vaznda rossiyalik Muslim Gadjimagomedov hamda Janubiy Afrika Respublikasi bokschisi Mchunu Tabiso o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. O‘n raundlik jang g‘olibi “IBF Europe” kamariga ega chiqadi.
Ma’lumot uchun, Saidjamshid so‘nggi jangini o‘tgan yilning 30 noyabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida tashkil etilgan “RCC Boxing Promotions” promouterlik kompaniyasi turnirida rossiyalik Gor Oganesyanga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozongandi. Bu havaskor boksda jahon chempionati sovrindori bo‘lgan Saidjamshidning profboksdagi debyut jangi bo‘lgandi.
LiveBarchasi