O‘zbekistonlik birinchi kosmonavt umumxalq ochiq tanlovida aniqlanadi
Jamiyat
−
15:18 1459 2 daqiqa
O‘zbekiston Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) mamlakat mustaqilligi tarixida ilk bor koinotga parvoz qilish uchun nomzodlarni umumxalq ochiq tanlov asosida saralashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekkosmos” direktor o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 16 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev fazoga kosmonavt yuborish masalalari bo‘yicha maxsus komissiya tuzishni topshirgan. Ushbu komissiya nomzodlarni tanlash, ularni tayyorlash hamda parvozni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Kosmonavtlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar yuqori bo‘ladi. Ibragimovning ta’kidlashicha, ular sog‘liq holati, fiziologik ko‘rsatkichlar, ilmiy darajasi va xorijiy tillarni bilish kabi mezonlarni o‘z ichiga oladi.
Birinchi o‘zbek kosmonavti 10-14 kunlik qisqa muddatli parvozga tayyorlanadi. Parvoz aniq ilmiy dastur doirasida amalga oshiriladi:
- tibbiyot va biologiya (masofaviy diagnostika, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish);
- o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli navlarni sinovdan o‘tkazish, yopiq agro-biotizimlarni modellashtirish);
- materialshunoslik (materiallar, matolar va tolalarning issiqlikni to‘plash va chiqarish xususiyatlarini sinash).
Birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash jarayoni qancha davom etishi hozircha aniqlashtirilmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘zining ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish ishlari ham olib borilmoqda. Uni 2028 yilda uchirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2028 yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi