O‘zbekistonlik ayol Istanbulda doridan zaharlanib vafot etdi

3-sahifa

image

Joriy yilning 19 sentyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida farmatsevtik vositadan zaharlanish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Mohira’no Meliyeva vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayol kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shifokorlar ko‘magida davolangan. Davolanish jarayonida qabul qilingan dori vositalarining nojo‘ya ta’siri natijasida bemorning ahvoli og‘irlashib, qonida infeksiya rivojlangan hamda organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan. Shunga qaramay, u o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilmagan va uy sharoitida davolash davom ettirilgan.

Bemorning ahvoli jiddiy tus olgach, u dastlab Marmara shifoxonasiga olib borilgan. Mazkur tibbiyot muassasasida bemorni jonlantirish bo‘limiga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagani sababli u Kartal tuman shifoxonasiga ko‘chirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramay, ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Marhumaning jasadi Bosh konsulxona hamda O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi hamkorligida O‘zbekistonga qaytarilgan.

Shu munosabat bilan Bosh konsulxona Turkiya hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirmoqda. Dori vositalarini qo‘llaniladigan preparatlarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslik, norasmiy va tegishli malakaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan davolanishdan saqlanish tavsiya etiladi. Sog‘liq holati keskin yomonlashgan taqdirda esa vaqtni boy bermasdan rasmiy tibbiyot muassasalariga murojaat qilish zarur.

“Bosh konsulxona marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Bursa viloyatida o‘zbekistonlik 36 yoshli Oybek Niyozov to‘satdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing