O‘zbekistonlik 15 yoshli atlet Para Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi

Sport

image

Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan VI yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining 15 yoshli a’zosi Shaxinaxon Yigitaliyeva musobaqa oltin medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Shaxzod Shukurov xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, para yengil atletikaning ayollar o‘rtasida F46 klassida nayza uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Shaxinaxon Yigitaliyeva 40.90 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirdi va oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik para sportchilar qayd etgan boshqa natijalar quyida keltirilgan.

•  Para yengil atletikaning erkaklar o‘rtasida T12 klassida uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan para Doniyor Saliyev 7.28 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

•  Para taekvondo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida -63 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Qudrat Haydarov bronza medaliga ega chiqdi. 

•  Para dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida J2 klassida -57 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Kumush Xo‘jayeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi. U hal qiluvchi bahsda dzyudo vatani hisoblangan Yaponiya terma jamoasi sportchisidan 10:0 hisobida ustun keldi.

•  Para taekvondo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida -70 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Javohir Aliqulov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

•  Suzish bo‘yicha S13 klassida erkaklar o‘rtasida 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida ishtirok etgan 2 nafar o‘zbekistonlik sportchi musobaqaning sovrinli o‘rinlariga ega chiqdi. Jumladan, 4:24.68 daqiqa qayd etgan Dmitriy Xorlin oltin, 4:28:59 daqiqa natija ko‘rsatgan Firdavs Musabekov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

•  Para dzyudo bellashuvlarining erkaklar o‘rtasida J2 klassida -73 kg vazn toifasida ikki nafar O‘zbekiston vakili sovrindorlar safidan joy oldi. Jumladan, Feruz Saidov kumush, Uchqun Quronboyev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

•  Para suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga brass usulda suzish bellashuvlarida qatnashgan Firdavs Musabekov 1:08.36 daqiqa natija qayd etib kumush medaliga ega chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Para Osiyo o'yinlari Xanchjou VI yozgi Para Osiyo o'yinlari Shaxinaxon Yigitalieva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing