Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
06 noyabr
21255O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bugun, 6 noyabr kuni Donald Trampga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti saylovida g‘alaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Sizni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti lavozimiga saylanganingiz munosabati bilan chin dildan samimiy muborakbod etib, o‘zimning qizg‘in tabriklarimni va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman.
Saylovlardagi ishonchli g‘alabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQSHni xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi", deydi Mirziyoyev tabrigida.
U Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgarmas pozitsiyasini, ortga qaytmas tus olgan tub islohotlarga ko‘rsatib kelayotgan doimiy ko‘magini alohida qadrlashini bildirgan.
Shuningdek, Mirziyoyev aynan Donald Trampning ilk prezidentlik davrida, 2018 yil may oyida Oq uyda o‘tkazgan sermahsul muzokaralardan keyin O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlanganini alohida ta’kidlagan.
"Sizning shaxsiy e’tiboringiz bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, o‘zaro ishonch, hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan siyosiy muloqotlarimiz yanada mustahkamlandi, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, harbiy-texnikaviy va gumanitar aloqalar jadallashdi.
Yuqori darajadagi vakillarimiz va qonun chiqaruvchilar o‘rtasidagi faol tashriflar almashuvlari natijasida hamkorligimiz sifat va mazmun jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarildi", deyiladi tabrikda.
Mirziyoyev O‘zbekiston bundan keyin ham Tramp boshchiligidagi AQSH Administratsiyasi bilan do‘stona aloqalarni izchil davom ettirishga, oliy va yuqori darajada erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishdan manfaatdor ekanini urg‘ulagan.
"Shuningdek, “S5+1” platformasi va “Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli Bitimi” doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdorimiz.
Aminmanki, birgalikdagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, bank-moliya, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish, innovatsiya, ta’lim va boshqa sohalardagi sherikligimiz qo‘shma loyihalar bilan samarali boyib boraveradi", deyiladi tabrikda.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi kelgusida Afg‘onistonda barqaror tinchlikni ta’minlash va uning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shish o‘zaro hamkorligining ajralmas qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.
"Uzoq muddatli va keng qamrovli munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Siz, Janobi Oliylarining O‘zbekistonga rasmiy tashrifingizni kutib qolamiz", deydi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Donald Trampni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti etib saylangani bilan tabriklagandi.
LiveBarchasi