O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchining sumkasidan bo‘g‘ma ilon chiqdi
3-sahifa
−
08:44 2427 2 daqiqa
“Navoiy” chegara bojxona postida yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilonni mamlakat hududiga olib kirishga urinish holati fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tur xalqaro muhofaza ostida bo‘lib, uni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish uchun xalqaro CITES ruxsatnomasi talab etiladi. Biroq, yo‘lovchi tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bildirilishicha, jonivor tegishli tartibda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, hozirda uning holati qoniqarli.
Ma’lumot uchun, yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon – yirik o‘lchamdagi, zaharsiz bo‘g‘ma ilonlar turiga kiradi. U o‘z o‘ljasini zaharlash orqali emas, balki kuchli tanasi bilan o‘rab siqib, nafas olishini to‘xtatish yo‘li bilan ovlaydi.
U asosan Markaziy va Janubiy Amerikaning tropik o‘rmonlari, butazor va savanna hududlarida yashaydi. Uzunligi odatda 2–4 metrga yetadi, ayrim yirik namunalari esa 5 metrgacha o‘sishi mumkin. Tanasidagi jigarrang, qora va sarg‘ish rangdagi murakkab naqshlar yo‘lbars terisiga o‘xshab ketgani sababli unga “yo‘lbarssimon” nomi berilgan.
Bu ilon kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar va kichik sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Odatda odamga hujum qilmaydi va zaharli hisoblanmaydi, biroq kuchli mushaklari va katta hajmi sababli ehtiyotsizlik bilan muomala qilish xavfli bo‘lishi mumkin.
Yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon tuxum qo‘ymaydi, balki tirik bola tug‘adi. Bir marta tug‘ish jarayonida o‘nlab bolalari dunyoga kelishi mumkin. Dunyoning ayrim hududlarida u ekzotik uy hayvoni sifatida ham parvarish qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida fuqarolar noqonuniy ravishda ilon saqlab kelayotgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi