O‘zbekistonga qarshi o‘ynagan Kamerun Rossiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishdan bosh tortdi
Sport
−
24 may 2023
4969Kamerun hukumati futbol bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasining Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda “Sport Express” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘rtoqlik o‘yini joriy yilning 15 iyun kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Kamerun hukumatining qaroriga ko‘ra, match bekor qilingan. O‘yinning taqiqlanishi sababi ochiqlanmagan. Katta ehtimol bilan bunda siyosiy sabablar rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.
Rossiya terma jamoasi o‘z tarixida ikki bor Kamerun bilan to‘qnashgan. AQSHda o‘tkazilgan 1994 yilgi mundialda ikki terma jamoa bir guruhdan o‘rin olgan va o‘zaro o‘yinda Yevropa vakillari yirik 6:1 hisobida afrikaliklarni mag‘lub etgan. Bu Rossiya terma jamoasining o‘sha turnirdagi yagona g‘alabasi bo‘lgan. Hozircha so‘nggi qarama-qarshilik esa 2011 yilda bo‘lib, o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgan terma jamoalar durangga imzo chekkan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilning sentyabr oyida Janubiy Koreyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida Kamerun bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan hamda Xojimat Erkinov va Oston O‘runovlarning gollari evaziga ishonchli hisobda g‘alaba qozongandi.
LiveBarchasi