O‘zbekistondan Qirg‘izistonga 16 ming dollar olib o‘tayotgan rossiyalik qo‘lga tushdi
Olam
−
27 mart 2023
8279Qirg‘iziston chegarasidan O‘zbekiston orqali 16 ming dollardan ortiq naqd pulni olib o‘tmoqchi bo‘lgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati xabar berdi.
“2023 yil 27 mart kuni “Do‘stuk-avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punkti chegara qo‘shinlari Davlat bojxona xizmati xodimlari bilan birgalikda chegaradan noqonuniy ravishda pul mablag‘larini olib o‘tish holatiga chek qo‘ydi”, deyiladi xabarda.
Chegara boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punktida qo‘lga olingan rossiyalik Qirg‘izistonga O‘zbekistondan kirib kelgan.
Qo‘lga olingan mablag‘larning umumiy summasi 16 275 dollarni tashkil etgan. U pullarni deklaratsiya qilmasdan, Qirg‘iziston bojxona qonunchiligini chetlab, valyuta olib o‘tmoqchi bo‘lgan.
“Tegishli hujjatlar to‘ldirilib, qo‘lga olingan fuqaro va pullar qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun vakolatli organ xodimlariga topshirildi”, deydi chegara xizmati.
Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatga olib kirilayotgan naqd xorijiy valyuta majburiy deklaratsiyalanishi kerak. Gumonlanuvchi jarimaga tortiladi.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 48 dona plastik idishda, jami 72 litr aroqni noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirgan shaxslar qo‘lga olingan edi.
LiveBarchasi