O‘zbekistondagi OTMlarda hijob o‘rash mumkinmi? Vazir javob berdi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
54623O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida hijob o‘rashga ruxsat berilganmi? Ushbu savol bugun, 18 dekabr kuni “Tashkent city”dagi Congress Hall majmuasida bo‘lib o‘tayotgan “Toshkent yoshlar forumi — 2020”ning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov bilan sessiyasida o‘rtaga tashlandi. Qarsaklar bilan qarshilangan savolga Majidov quyidagicha javob berdi.
“Menimcha, bu savolning javobini bu yerda o‘tirgan talabalarning hammasi biladi. Oliy o‘quv yurtining ichki tartib-qoidalari bor. Ichki tartib-qoidalar hammani, jumladan talabalar va o‘qituvchilar orasida bir-birini hurmat qilish nuqtayi nazaridan ishlab chiqilgan. Shu ichki tartib-qoidalarda belgilangan tartibda [oliy ta’lim muassasasiga] kelib-ketish mumkin. Buning ichida nafaqat bu savol, u darsga, o‘qishga qatnashi shartmi, degan savolni olib chiqadi. Buning ichida odam bemalol auditoriyada o‘tirishi mumkinmi yo yo‘q degan savollar chiqadi. Yo‘q, mumkin emas. O‘sha tartib o‘rnatilgan, amal qilinishi kerak. Tartib bor, o‘sha o‘rnatilgan. Bu faqat bizning davlatda emas. Hamma davlatda, har bir ta’lim muassasasida tartib-qoidasi mavjud. Bugungi kunda bizdagi har bir oliy o‘quv yurti o‘z tartib-qoidasiga ega. Ana shunga amal qilinadi”.
Ma’lumot o‘rnida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozilgan.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, qonunning yangi tahriridan 1998 yilda qabul qilingan qonundagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan qismi chiqarib tashlanishi nazarda tutilmoqda. Biroq, qonun hali qabul qilinganicha yo‘q.
LiveBarchasi