Avstriyada 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarga hijob taqiqlanib, jarima belgilandi

Olam

image

Avstriyada yangi o‘quv yili boshlanishi bilan 14 yoshga to‘lmagan qizlarning maktablarda hijob va boshqa an’anaviy ro‘mollarni o‘rashi taqiqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi qonun mamlakatdagi davlat va xususiy maktablarga tatbiq etiladi. Hukumat mazkur cheklovni gender tengligini ta’minlash hamda yosh qizlarni himoya qilish chorasi sifatida baholagan.

Avstriya Integratsiya vaziri Klaudiya Bauerning aytishicha, ro‘mol qizlarni bolalikdan nazorat qilish va ularni zulm ostida qoldirish belgisi hisoblanadi.

Biroq qonunga qarshi chiqqanlar uni musulmonlarga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirishi va Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Avstriya Islom jamoati ham taqiqni keskin qoralab, uni diniy erkinlik huquqini cheklaydigan chora deb atagan.

Qonunga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari ro‘mol o‘ragan o‘quvchi bilan uning qonuniy vakillari ishtirokida bir necha marta suhbat o‘tkazishi kerak. Qoida takroran buzilsa, bolalarni himoya qilish xizmatlari xabardor qilinadi. Eng so‘nggi chora sifatida ota-ona yoki vasiylarga 800 yevrogacha jarima solinishi mumkin.

Avstriya Konstitutsiyaviy sudi 2020 yilda boshlang‘ich maktablarda ro‘mol o‘rashni taqiqlovchi avvalgi qonunni diniy betaraflik tamoyiliga zid deb topib, bekor qilgan.

Ayni paytda mamlakatdagi o‘ta o‘ngchi Ozodlik partiyasi amaldagi taqiqni yetarli emas deb hisoblab, maktablarda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun ro‘mol hamda yuzni berkituvchi kiyimlarni to‘liq taqiqlashni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning avgust oyida Avstriyaning Yoshlar va oila ishlari bo‘yicha vaziri Klaudiya Plakolm Avstriya matbuot agentligiga bergan intervyusida 14 yoshgacha bo‘lgan maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi qizlarga hijob o‘rashni taqiqlamoqchi ekanini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing