O‘zbekistonda “og‘ir” tuman va mahallalarga 12 trln so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistonda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratiladi va shundan 12 trillion so‘m “og‘ir” tuman va mahallalarga yo‘naltiriladi. Bu haqda bugun, 23 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tumanni aniqlagan. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta “og‘ir” mahalla tanlab olingan.

Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Yana 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlangan.

“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va mingta “og‘ir” mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz”, deydi davlat rahbari.

Bildirilishicha, “og‘ir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan ko‘ra, ko‘proq yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilab berishni so‘rayapti. Shu munosabat bilan joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratilishi, shundan 12 trillion so‘m “og‘ir” tuman va mahallalarga yo‘naltirilishi belgilangan.

Respublikadan mahalliy byudjetga qaytadigan mablag‘ 2 karra ko‘paytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard so‘m beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “og‘ir” tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.

Bunga qo‘shimcha har bir “og‘ir” tumanga 50 milliard so‘m, “og‘ir” mahallaga 2 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Bu tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trillion so‘m oladi degani.

“Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.

Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.

Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin”, deydi davlat rahbari.

Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi”dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.  Davlat rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib bergan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish o‘rni va daromadini ko‘paytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirilgan.

Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bog‘laydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

mahalla infratuzilma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing