Tramp Zelenskiyga dakki berdi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiyadagi dizel yonilg‘isi infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi. Uning aytishicha, bunday zarbalar yonilg‘i taqchilligini kuchaytirib, butun dunyoga zarar yetkazmoqda. Bu haqda u kecha, 13 sentyabr kuni Irlandiyada bo‘lib o‘tgan Irish Open golf turniriga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga bergan bayonotida so‘z ochdi.

“Janob Zelenskiy bitta ishni qilishi kerak: u Rossiyadagi dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish ob’ektlarini yo‘q qilishni to‘xtatishi kerak”, degan AQSH Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bu masalani Zelenskiy bilan muhokama qilgan.

“Boshqa nishonlar yetarli. Dizel yonilg‘isiga zarba bermang. Bu butun dunyoga zarar yetkazmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

So‘nggi oylarda Ukraina uzoq masofaga uchuvchi dronlar yordamida Rossiya neftini qayta ishlash zavodlariga bir qator hujumlar uyushtirdi. Bu zarbalar Rossiyada yonilg‘i ishlab chiqarish hajmining kamayishiga va mamlakat bo‘ylab benzin taqchilligi yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Ukraina esa o‘zining energetika infratuzilmasi Rossiya tomonidan muntazam hujumlarga uchrayotganini ta’kidlab, Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlarini qonuniy harbiy nishonlar deb hisoblashini bildirgan.

Shuningdek, Tramp global yonilg‘i taqchilligiga Yaqin Sharqdagi vaziyat emas, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab bo‘layotganini aytgan.

“Bu taqchillikni Yaqin Sharq keltirib chiqarmayapti, bunga Rossiya va Ukraina o‘rtasida sodir bo‘layotgan voqealar sabab bo‘lmoqda”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha kelishuv tuzishni istashini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing