O‘zbekistondagi koronavirusga chalingan bemorlar ahvoli haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
04 may 2020
11478O‘zbekiston hududida davolanayotgan bemorlardan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafariniki esa o‘ta og‘ir holatda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
"Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2160 bemor ro‘yxatga olingan. Bemorlarning 1319 nafari to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 830 bemordan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir", deydi Nurmat Otabekov.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtga kelib, 56 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 13 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, 42 mingdan ortiqrog‘i uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, kecha 3 may kuni 7300 dan ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazilgan. Shuningdek, Epidemik vaziyat murakkablashgandan buyon 325 mingdan ko‘proq koronavirus kasalligiga laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 2160 ta holat qayd etilgan. Bugungacha bemorlarning 1278 nafari sog‘aygan va 10 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi