O‘zbekistonda biologik qurol ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar bormi? TIV munosabat bildirdi
Jamiyat
−
22 iyun 2021
11862O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziriligi mamlakatning G‘arb davlatlari bilan bioxavfsizlik sohasidagi hamkorligi go‘yoki yaqin joylashgan davlatlar uchun xavf tug‘dirayotgani borasidagi asossiz bayonotlar tarqalayotganini ta’kidlab, o‘z munosabatini bildirdi.
“Bir qator OAVda O‘zbekistondagi mavjud laboratoriyalarning go‘yoki biologik qurol ishlab chiqarishga mo‘ljallanganligi to‘g‘risida tarqalayotgan ma’lumotlarning mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligiga e’tibor qaratamiz.
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu laboratoriyalar faqat diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish va tinchlik maqsadlaridagina foydalanish uchun mo‘ljallangan”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Bakteriologik va toksik qurol-yarog‘larni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchisi sifatida biologik qurol-yaroqlarni ishlab chiqarish va to‘plashning taqiqlanishini ta’minlaydi.
“O‘zbekistonga nisbatan bildirilgan har qanday asossiz bayonotlar ikki tomonlama munosabatlarda muayyan keskinlikni keltirib chiqaradi va, eng muhimi, o‘zaro ishonchga asoslangan davlatlararo muloqotga zarar yetkazadi, deb hisoblaymiz”, deya yakunlanadi TIV bayonoti.
Esatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputati, “Rospotrebnadzor”ning sobiq rahbari hamda epidemiolog Gennadiy Onienko OAVga bergan intervyusida O‘zbekistonda va qator MDH davlatlarida AQSHning biologik laboratoriyalari borligi, u yerda yuqori malakali harbiy biologlar faoliyat yuritishini aytib o‘tgandi. Rossiyalik deputat amerikalik mutaxassislar tabiiy virus o‘choqlarini o‘rganayotgani va shtammlarni eksport qilish bilan mashg‘ul ekanini iddao qilgandi.
LiveBarchasi