O‘zbekistondagi 1,5 mln ayolda skrining o‘tkaziladi
Jamiyat
−
07 mart
3073Joriy yilda O‘zbekistonda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 7 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida 8 mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda ma’lum qildi.
“Xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sog‘lom va qudratli jamiyat poydevoridir. Shu maqsadda yurtimizdagi 230 ta tug‘ruq muassasasi 21 mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkaziladi”, dedi Prezident
Ta’kidlanishicha, ayollar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport ommalashib borayotgani jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga katta turtki bermoqda. Shu bois, bu yil barcha mahallalardagi 4 million xotin-qiz ommaviy sport musobaqalariga jalb qilinadi.
“Biz bir muhim haqiqatni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz zarur. Ayollar sog‘lom bo‘lsa – oila mustahkam bo‘ladi, ularda ma’naviy muhit, ishchanlik kayfiyati yuksaladi, kelajakka ishonch ortadi.
Bugungi kunda yurtimizda 40 mingta ana shunday oila barchaga namuna bo‘layotgani, o‘tgan yili ularning 208 tasi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani barchamizni xursand qiladi.
Birgina misol. Toshloq tumanidagi Qo‘ziboyevlar oilasi 45 yil davomida barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Oila bekasi Muqaddamxon opa umrining 35 yilini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishlagan. U kishi turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda fermer xo‘jaligi ham tashkil etib, tumandagi ellikka yaqin oilani daromadli qilgan.
Yana bir jihatiga e’tibor beringlar. Bu oila 30 dan ortiq ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashmoqda.
Mahallalarda barkamol avlodni voyaga yetkazish va kambag‘allikka qarshi kurashishda bizga mana shunday ibratli oilalar yelkadosh bo‘lib kelayotgani har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.
Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekiston timsoli bo‘lgan ana shunday ibratli oilalarga chin dildan samimiy tashakkurlarimni bildiraman.
Bunday oilalar qancha ko‘paysa, Vatanimiz shuncha kuchli, xalqimiz shuncha qudratli bo‘ladi! Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Bildirilishicha, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatdagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi. Ularga psixologik yordam ko‘rsatilib, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 22 noyabr kuni qabul qilingan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantirilishi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratilishi, shuningdek, skrining natijasida onkologik kasallikka chalingani aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtirilishi belgilangandi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva esa Shavkat Mirziyoyev ma’qullagan ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturini shaxsan o‘z nazoratiga olishini bildirgandi.
LiveBarchasi