O‘zbekistonda pul yig‘ishda ayollar yetakchilik qilyapti – MB
Jamiyat
−
22:00 393 2 daqiqa
O‘zbekistonda ayollarning bank xizmatlaridan foydalanish darajasi mamlakatdagi umumiy ko‘rsatkichga deyarli teng. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy ommaboplik bo‘yicha ilk hisobotida so‘z boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetgan ayollarning 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega. Katta yoshli aholi bo‘yicha ham bu ko‘rsatkich 86 foizni tashkil etadi. Bu ayollarning bank tizimiga bazaviy kirishida jiddiy farq qolmaganini ko‘rsatadi.
Jamg‘arma masalasida esa ayollar hatto umumiy ko‘rsatkichdan yuqori natija qayd etgan. Ayollarning 6 foizida jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraq mavjud. Mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich esa 4 foizni tashkil etadi.
Bu raqamlar oddiy qilib aytganda, bankda hisobvaraq ochish va pul jamg‘arish imkoniyatidan foydalanishda ayollar mamlakatdagi o‘rtacha darajadan ortda qolayotganini ko‘rsatmaydi. Aksincha, jamg‘arma mahsulotlarida ularning ko‘rsatkichi biroz yuqori.
Biroq vaziyat kredit masalasiga kelganda o‘zgaradi. Ayollarning 19 foizi banklarda amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega. Katta yoshli aholi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 20 foiz. Ya’ni farq katta emas, atigi 1 foiz band. Shu bilan birga, 2025 yilda ajratilgan yangi chakana kreditlarning 35 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Chakana kredit portfeli qoldig‘ida esa ayollarning ulushi 38 foizni tashkil etgan.
Bu yerda muhim jihat shundaki, ayollar bank tizimiga kirish va bazaviy xizmatlardan foydalanishda umumiy aholiga yaqin bo‘lsa-da, kredit resurslaridan foydalanishda ularning ulushi hali paritet darajasiga yetmagan. Ayniqsa, ayollarga tegishli kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining kredit portfelidagi ulushi ham paritet darajasidan pastligicha qolmoqda.
Shunday qilib, ayollarning moliyaviy ommabopligidagi asosiy masala bank hisobvarag‘i ochish imkoniyatida emas. Bu bosqichdagi tafovutlar ancha qisqargan. Asosiy farq kredit mahsulotlaridan foydalanishda namoyon bo‘lmoqda.
Bu esa kelgusi chora-tadbirlarda e’tiborni faqat ayollarni bank tizimiga jalb qilishga emas, balki ularning kredit resurslaridan, xususan, tadbirkorlik uchun moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanishini kengaytirishga qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgani va Markaziy bank bu holatni xavotirli deb baholayotgani haqida xabar berilgan edi.