O‘zbekistonda zo‘ravon ayollar qancha?

Intervyu

Biz ayollarga ta’rif berganda doim ojiza degan so‘zni qo‘llaymiz? Xo‘sh, hamma ayollar ham ojizami? Hamma ayollar ham zo‘ravonlik qurbonimi? Ularning ayrimlari bugun kuch ishlatayotgan erkaklar qatoridan o‘rin olmayaptimi? Ha, bugun oramizda shunday xotin-qizlar borki, ularning qilmishlaridan, hatto, erkaklar bezor. 

Ayol kishiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ko‘payayotgan bir vaqtda ayollar nafaqat jabrlanuvchi, balki jabrlovchi rolini ham bajaryapti. IIV va prokuratura qotillik, o‘g‘rilik va firbgarlikka haqida e’lon qilayotgan xabarlarida ayollar ham “bosh qahramon” bo‘layotganiga guvohmiz.  

Demak, jinoyatchilik haqida so‘z ketganda, ko‘z o‘ngimizga faqat erkaklarni keltirishimiz bugun asl holatlardan bexabarligimiz inikosi. 

Ayollar orasida qaysi jinoyatlar ko‘p uchraydi? Shu savol bilan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayevaga yuzlandik.

F.N.: — Faqat erkaklarni ayblashimiz noto‘g‘ri. Zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan ayollar qatorida zo‘ravonlik qilayotgan ayollar ham bor. Zo‘ravonlik qilayotgan ayollar soni qanchani tashkil etadi?

U.A.: — Tanganing ikki tomoni bor. Bir tomondan ayol jabrlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan jabr o‘tkazuvchi ham bo‘lishi mumkin. Jamiyatning 50%ini ayollar tashkil etadi. Agar maktab davrini eslasak, a’lo baholarga o‘qigan, asosan qizlar bo‘ladi. Qizlar juda faol bo‘ladi. Yillar o‘tgandan keyin esa turmushga chiqib, uy yumushlari bilan ovora bo‘lishadi. Agar shu qiz yaxshi tarbiya olgan, yaxshi o‘qigan bo‘lsa, demak u farzandlariga ham yaxshi tarbiya, bilim bera oladi. Yaxshi bilan birga, yomon insonlar ham bor. Men qizlarni yomon demoqchi emasman. Balki, ular yaxshi tarbiya ololmagan, mehr ko‘rmagan bo‘lishlari mumkin. Yo‘ldan adashib, nafaqat huquqbuzarlik, balki jinoyatga ham qo‘l uradiganlari topiladi. Umumiy jinoyatchilikda ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 9% ni tashkil etadi.
 
F.N.: — Ayollar orasida qaysi jinoyatlar ko‘p uchraydi?

U.A.: — Ko‘proq firbgarlik va o‘g‘rilikka qo‘l urishyapti. Bu kabi jinoyatlar ishsizlik sabab amalga oshirilyapti, deb aytishim mumkin. Lekin achinib aytamanki, harom bilan halolni farqiga borishimiz kerak. O‘g‘rilikmi, firbgarlikmi, birovning mulkiga ko‘z olaytirdimi, demak harom ishga qo‘l urdi. Farzandlariga harom luqma yediradigan bo‘lsa, uning farzandlari qanday bo‘ladi? Qilgan ishi ortidan uning oqibat qanday bo‘lishini o‘ylashi, nafaqat qonun oldida javob berishini o‘ylashi kerak. Bizda nafaqat qonunga itoatkorlik, balki diniy bilimlarni ham oshirish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Chunki jinoyat qilganlar oqibatini o‘ylashmayapti. 

IIV HPBB boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat zo'ravon ayollar Zo'ravonlik qurboni

Baholaganlar

233

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing