O‘zbekistonda yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxi erkinlashtirilishiga start berildi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2023
15338O‘zbekistonda energetikadagi muammolarning oldini olish maqsadida 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxini erkinlashtirish rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, kelasi oydan boshlab elektr energiyasi 1 kvt.soat uchun budjet tashkilotlariga 450 so‘mdan 1 000 so‘mga, qolgan biznes vakillari va yuridik shaxslar uchun 450 so‘mdan 900 so‘mga oshirilishi mumkin. Aholi uchun narxlar esa o‘zgarishsiz qoldiriladi – 1 kvt.soat uchun 295 so‘m.
Shuningdek, qaror loyihasida budjet tashkilotlari uchun tabiiy gaz narxini ham erkinlashtirish nazarda tutilgan. Bunda narxlar – 1 kubometr uchun 660 so‘mdan 1 800 so‘mga, qolgan biznes vakillari va yuridik shaxslar uchun 660 so‘mdan 1 500 so‘mgacha oshiriladi.
Ammo tabiiy gaz narxi ham aholi uchun narxlar o‘zgarishsiz qoladi – 1 kubometr – 380 so‘m.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston energetika korxonalari 2022 yilni faqat zarar bilan tugatgan edi. Bunda 10 ta eng ko‘p zarar ko‘rganlarning naq oltitasi elektr energiyasi ta’minoti tizimidagi davlat korxonalari bo‘lgan. Sabab sifatida esa elektr energiyasi narxlarining arzonligi keltirilgan.
LiveBarchasi