O‘zbekitonda ilk bor energetika sohasining Milliy bosh rejasi ishlab chiqiladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda birinchi marta energetika sohasining Milliy bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda so‘z ochdi. 

Qayd etilishicha, birinchi marta energetika sohasining 2050 yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1 martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1 iyulga qadar to‘liq bosh reja taqdim etiladi. 

Bu hujjatlarda qaysi hududda elektrga talab o‘sishi, qanday infratuzilma zarurligi va yangi quvvatlar qayerda samarali ishlashi ko‘rsatiladi. Shu asosda investorlar ham o‘z rejalarini uzoq muddatga tuzishi mumkin bo‘ladi. 

“Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlar va karbon kreditlardan qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham ochiladi. Ulardan keladigan manfaatni davlat va investorlar o‘rtasida adolatli taqsimlash mexanizmlari joriy etiladi. Mazkur jarayonda xalqaro ekologik majburiyatlar va amaldagi shartnomalar to‘liq hisobga olinadi. 

Prezident yangi stansiyalar bilan birga elektrni iste’molchiga yetkazib beradigan tarmoqlarni ham rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan. Generatsiya, uzatish va energiya saqlash tizimlari o‘zaro bog‘liq holda ishlashi kerak. 

Hozir Farg‘ona, Andijon va Namanganda talabning bir qismi boshqa hududlarda ishlab chiqarilgan elektr hisobidan qoplanmoqda. Yangi sanoat zonalari va yirik korxonalarning ishga tushishi tarmoqlarga yuklamani yanada oshiradi. 

Sun’iy intellekt va data-markazlar elektrga talab tez o‘sayotgan yo‘nalishlardan. Ular uchun yer, tarmoqqa ulanish imkoniyati va “yashil” energiya manbai mavjud maydonlar oldindan belgilanadi. 

Har bir yirik data-markazda asosiy va zaxira elektr ta’minoti, energiya saqlash hamda sovitish tizimlari birgalikda rejalashtiriladi. Sarmoyadorlardan elektr va suvdan samarali foydalanadigan yechimlar kutilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing