Rossiya Ukrainani elektrsiz qoldirishni rejalashtirmoqda – NYT

Olam

−

image

Rossiya Ukraina energetika tizimini butunlay ishdan chiqarishni rejalashtirmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tuzilgan hujum rejasi Ukraina rasmiylari qo‘liga tushdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ukraina Energetika vaziri Denis Shmigal sentyabr oxirida ushbu rejani Yevropaning ikki siyosatchisiga ko‘rsatgan. Hujjatning rus tilidagi nusxasi “The New York Times” ixtiyoriga ham kelib tushgan. Biroq nashr uning haqiqiyligini mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.

Hujjatga ko‘ra, Rossiya Ukraina energetika tizimiga raketalar, boshqariladigan aviabombalar va dronlar, jumladan, reaktiv dronlar yordamida uch bosqichda hujum qilishni rejalashtirgan.

Birinchi bosqichda Ukrainaning g‘arbiy hududlaridagi podstansiyalarga zarba beriladi. Bu mamlakatning Yevropadan elektr energiyasi import qilish imkoniyatini cheklash uchun mo‘ljallangan.

Ikkinchi bosqichda gidroelektr stansiyalari nishonga olinadi.

Uchinchi bosqichda esa Ukraina nazoratida qolayotgan uchta atom elektr stansiyasini elektr bilan ta’minlaydigan podstansiyalarga zarba berish rejalashtirilgan. Zaporoje AES esa hozir Rossiya qo‘shinlari nazoratida.

Nashrga ko‘ra, rejaning asosiy maqsadi Kiyev, Xarkov va Odessa kabi yirik shaharlarni elektr energiyasi, issiqlik va suvsiz qoldirish orqali gumanitar inqiroz yuzaga keltirishdan iborat. Hujjatda ushbu shaharlardagi elektr va issiqlik ta’minotini 90 foizgacha qisqartirish hamda kanalizatsiya tizimlarining katta qismini ishdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya qariyb 15 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini yo‘q qilishni rejalashtirmoqda. Bu Ukraina 2026 yil yozining oxirida ega bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatining deyarli barchasiga teng.

Ukraina Energetika vaziri avgust oyida yil oxirigacha mamlakatdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 21 gigavattga yetkazilishini aytgan. Bu o‘tgan qishda qayd etilgan 18 gigavattlik maksimal talabni qoplash uchun yetarli bo‘lishi kerak edi. Biroq Rossiyaning energetika ob’ektlariga davom etayotgan hujumlari Ukrainaga qish oldidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga xalaqit berishi mumkin. Bu haqda “The New York Times“ suhbatlashgan ekspertlar ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatishning to‘rt varianti mavjudligini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing