O‘zbekistonda “yo‘l bezoriligi” uchun javobgarlik belgilanadi – Bobojonov
Jamiyat
−
21 fevral 2022
9765O‘zbekistonda “yo‘l bezoriligi”, ya’ni transport vositasini qasddan tartibsiz boshqarish, yo‘l-patrul xizmati xodimlariga qarshilik ko‘rsatish kabi holatlar uchun javobgarlik belgilanadi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq qonunchilik takomillashtiriladi.
Xususan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berganlik uchun ham jazo choralari ko‘zda tutiladi.
Sir emaski, keyingi paytlarda yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyatiga noqonuniy aralashish, to‘sqinlik qilish, qarshilik ko‘rsatish holatlari kuzatilayotgan edi.
Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyatiga noqonuniy aralashish, to‘sqinlik qilish, qarshilik ko‘rsatish holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Soha vakillarining shaxsiy himoya va faol mudofaa vositalaridan foydalanishi borasidagi huquqlari kengaytiriladi.
Haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi. Agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballarining umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga esa bonus ballari hisoblab boriladi.
“Oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifa – xalqaro standartlardan kelib chiqib, Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqishdan iborat. Unda, jumladan, Toshkent shahri va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda transport vositalari harakatlanishining tezlik cheklovlari qayta ko‘rib chiqiladi”, degan vazir.
Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida transport harakatini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish faoliyati raqamlashtiriladi. Zamonaviy o‘quv xonalari, nazariy va amaliy o‘quv inventarlari hamda to‘laqonli o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan avtomaktab va imtihon markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat markazlaridagi, keyinchalik boshqa shahar (tuman) markazlaridagi serqatnov chorrahalar raqamli boshqaruvga o‘tkaziladi.
Soha xodimlarining faoliyatiga sun’iy intellektga asoslangan “inson omili” ta’sirini cheklovchi raqamli texnologiyalarning joriy etilishi xodimlar tomonidan fuqarolar bilan manfaatli muloqotga kirishish holatlariga barham beradi.
LiveBarchasi