O‘zbekistonda yil boshidan beri 82 kishi gazdan halok bo‘ldi
Jamiyat
−
28 noyabr
642Yil boshidan beri O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq 74 ta baxtsiz hodisa ro‘y berib, ularda 82 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i Abdusattor Qayumov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yil boshidan bugungi kunga qadar O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023 yilda 86 ta) holat sodir bo‘lgan, oqibatda 82 kishi (88) vafot etgan, 80 kishi (119) turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Ayrim holatlarda dudburon nosozligi oqibatida oilaning barcha a’zolari is gazidan zaharlanib, vafot etgan.
“Hodisalar fuqarolar is gazining xavfli ekanligini to‘la-to‘kis his etmasliklari, targ‘ibotga ishonmasliklari oqibatida, nostandart, qo‘lbola, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nosoz jihozlardan hamda dudburon, shamollatish tizimlarini tekshirmasdan yoki noto‘g‘ri o‘rnatilgan dudburondan foydalanganliklari oqibatida sodir bo‘lmoqda”, deydi Qayumov.
“Hududgazta’minot” mas’uli aholini gazdan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Xususan:
- loyihadagi gaz uskuna-jihozlarini o‘zboshimchalik bilan tushunmasdan ta’mirlamaslik, almashtirmaslik va boshqa joyga ko‘chirmaslik;
- xavfsizlik avtomatikasi bo‘lmagan yoki nosoz bo‘lgan yondirgich va jihozlardan foydalanmaslik;
- dudburonlar hamda shamollatish tizimlarining sozligini doimiy kuzatib, tekshirib borish;
- gaz uskuna va jihozlari yonib turgan xonaga albatta tashqaridan havo kirishi uchun joy qoldirish;
- gaz plitasidan xonani isitish maqsadida foydalanmaslik, uzluksiz gaz yonib turgan xonada uxlamaslik, dam olmaslik;
- xonada gaz hidi sezilganda chiroqni yoqmasdan, eshik derazalarni ochish, gaz jo‘mragini yopib gaz ta’minoti korxonasiga murojaat qilish;
- gaz chiqayotgan joyni aniqlash uchun olovdan foydalanmaslik lozim.
Gaz bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 1104 qisqa raqamli telefoni hamda “Xavfsiz gaz” Telegram-guruhlari orqali murojaat qilish mumkin.
LiveBarchasi