O‘zbekistonda yot g‘oyalarni targ‘ib qilgan yigit 6 yilga qamaldi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda taqiqlangan diniy tashkilotlarning materiallarini targ‘ib qilishda aybdor deb topilgan qashqadaryolik yigit 6 yilga qamaldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro 2019-2022 yillarda Rossiya Federatsiyasida mehnat migranti sifatida ishlagan davrida internet tarmog‘i orqali terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan A.Z., A.B., S.S., M.A. va boshqalarning “hijrat” va “jihod” qilishga hamda islomiy davlat qurishga chorlovchi ma’ruzalari bilan tanishib, ularning ta’siriga tushib qolgan.

So‘ngra o‘zining mobil telefoni orqali Instagram tarmog‘ida profil ochib, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqata boshlagan.

Shuningdek, u Telegram messenjerida ham “Hizb ut-Tahrir” terroristik tashkiloti vakillari bilan aloqa o‘rnatib, tashkilot g‘oyalari singdirilgan va amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga xizmat qiluvchi materiallarni targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullangan.

Bundan tashqari, YouTube tarmog‘idagi “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining targ‘ibotchisi bilan bog‘lanib, uning faoliyatini faollashtirish uchun bank ilovasi orqali pul mablag‘i yuborgan.

2022 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonga qaytib kelganidan keyin ham u g‘ayriqonuniy harakatlarini davom ettirgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 155-3, 159 va 244-1-moddalari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda taqiqlangan ekstremistik va terroristik kontentlar ro‘yxati e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing