O‘zbekistonda yangi investitsiya vositalari joriy etiladi. Nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
20:56 244 3 daqiqa
O‘zbekistonda kapital bozoriga yangi moliyaviy vositalarni olib kirish, jumladan, sukuk, fyuchers, forvard, svop va opsionlarni chiqarish hamda muomalaga kiritishning huquqiy asoslari yaratiladi. Bu haqda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. Hujjat 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat bo‘lib, 2015 yildagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonun normalarini zamonaviy bozor talablariga moslashtirish asosida tayyorlangan.
Yangi qonun loyihasida kapital bozori moliyaviy vositalari turlarini kengaytirish nazarda tutilgan. Xususan, opsion, svop, fyuchers, forvard va narxlar farqi shartnomasi kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, qoplangan obligatsiyalar, sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar, barqaror rivojlanish obligatsiyalari hamda islom moliyasi tamoyillariga mos sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish tartibi belgilanadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu vositalar investorlar uchun risklarni boshqarish va investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Rejaga ko‘ra, zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish orqali 2030 yilgacha fond bozoriga 10 trillion so‘m miqdorida investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida kapital bozoriga uzoq muddatli institutsional va xususiy investorlarni jalb etishni rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan. Xususan, ayrim investitsiya fondlari daromadlarini, qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar bo‘yicha ayrim operatsiyalarni soliqqa tortishdan ozod qilish, shuningdek, 2038 yilgacha xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari va sukuk qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha ayrim daromadlarga soliq imtiyozlari berish rejalashtirilgan.
Qonun loyihasida islom moliyasi tamoyillariga muvofiq sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, sukukning huquqiy xususiyatlari, ularni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari belgilanadi. Shuningdek, sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuklarining asosiy turlarini tartibga solish ko‘zda tutilgan. Investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida sukuk egalari vakili instituti hamda sukukning islom moliyasi standartlariga muvofiqligini tasdiqlash mexanizmi joriy etiladi.
Qonun loyihasida kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish va professional ishtirokchilar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha qator yangiliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan, kastodian faoliyatini litsenziyalash, reyting agentliklari, boshqaruv kompaniyalari va investitsiya fondlari faoliyatini ruxsatnoma asosida tartibga solish, markaziy kontragent institutini joriy etish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar va “obligatsiya egalari vakili” institutlarini tashkil etish, investorlarni, jumladan, “malakali investorlar”ni toifalash hamda Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, vakolatli organning nazorat vakolatlarini kengaytirish, moliyaviy sanksiyalarni mustaqil qo‘llash va qonunchilikda belgilangan hollarda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasida O‘zbekiston hududida xalqaro moliya institutlari obligatsiyalarini chiqarish, mahalliy kompaniyalarning xorijiy kapital bozorlariga chiqishi uchun shart-sharoit yaratish ham nazarda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kapital bozori ko‘rsatkichlarida o‘sish kuzatilgan. Aksiyalar emissiyasi 2023 yildagi 189,7 trillion so‘mdan 2025 yilda 265,1 trillion so‘mga yetgan. 2026 yil 1 iyul holatiga bu ko‘rsatkich 269,4 trillion so‘mni tashkil etgan.
Korporativ obligatsiyalar emissiyasi esa 2023 yildagi 1,06 trillion so‘mdan 2025 yilda 3,93 trillion so‘mga, 2026 yil 1 iyul holatiga esa 7 trillion so‘mdan oshgan. Fond birjasidagi umumiy savdolar hajmi 2023 yildagi 2,9 trillion so‘mdan 2025 yil yakunida 17,6 trillion so‘mga yetib, qariyb 6 barobar oshgan.
Qonun loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, IOSCO, AQSH Savdo vazirligi hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Loyihaning qabul qilinishi mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, aholi va biznes uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratish hamda kapital bozorini xalqaro standartlarga moslashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Live
Barchasi